Jamiyat | 11:00
6683
4 daqiqa o‘qiladi

“Harakatim ko‘p, shuning uchun sog‘lomman” – 75 yoshli bog‘bon aya

Tojixon aya Hamroqulova Oltiariq tumanining Qapchug‘ay qishlog‘idan. 75 yoshli aya ancha tetik – velosiped minadi, arg‘amchida sakraydi. Uy yumushlarini ham o‘zi bajarishga harakat qiladi. Tojixon aya o‘zi yashaydigan hudud atrofidagi bo‘sh turgan toshloq yerlarga turli mevali daraxtlar ekkan, ular meva berishni ham boshladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tojixon aya qarovsiz yotgan yerlarga ko‘chat ekib, yam-yashil bog‘ yaratdi.

“Namunali uyda yashayman. E’tibor berib qarasam, tevarak-atrofda tashlandiq yer ko‘p ekan. Baribir umri o‘tyapti deb qarovsiz yerlarga mehr berib, ketmonda chopib, toshlarini terib, ko‘chatlarni ekib, parvarishlab, suvlarni berdim. Hozir mana, ular mevaga kirdi. Bog‘ qilguncha ancha mehnat sarflandi. Kerak bo‘lsa uzoqdan chelaklab suv tashidim.

Endi esa bog‘imni ko‘rib bahri dilim shunaqangi ochilyapti, qo‘ni-qo‘shnilar, o‘tgan-ketgan havas qiladi. Bog‘imni ko‘rganlar hozir rahmat sizga xolajon, shunaqangi tashlandiq yerni shunday bog‘ qilib yubordingiz-a, deyishyapti. Katta-yu kichik xursand.

Har bitta daraxtim bilan gaplashaman, ko‘karinglar, o‘singlar, deb. 23 xil daraxtim bor, bu degani 23 xil meva. Uchinchi yil bu yil hammasi mevaga kirdi.

Endi o‘zimning qanaqa quvonganimni, kuchimga kuch, g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shilganini o‘zim bilaman deb, haligi tan boshqa, dard bilmas deganlaridek, tanim boshqa-yu, o‘zim bilaman-da endi qanchalar yayraganimni, yashnaganimni. Bu daraxtlarimga qarasam, bahri dilim ochilib ketadi. Kuchimga kuch, quvvatimga quvvat qo‘shiladi.

75 yoshga kirdim hozir mana. Tinim bilmayman. Bir kun oldin rejalashtirib qo‘yaman, ertaga mana bu ishni qilaman, bugun mana bu ishni qilaman deb. Charchoq bilmayman. Qilgan sari kuchga to‘laman. Ertalab badantarbiya qilaman. Arg‘amchim bor. 15 ta sakrayman.

75 yoshga kirsam ham g‘ayratim bor, Xudoga shukr. Harakat ko‘p bo‘lsa “davleniye” nima ekanini bilmaysiz. Vaqtida dam olaman, vaqtida ishlarimni qilaman. Qo‘ylargacha, tovuqlargacha boqaman xonadonimda. Mana bu daraxtlarimning tagidagi o‘tlarni yulib-yulib yediraman.

Qishga saqlaydiganini saqlab qo‘yaman. Ana shunaqa qilib bir yilda beshta qo‘yimdan 10 million so‘m foyda ko‘rdim. 10 million aytmoq osonmas, yaxshi daromad-da endi 10 million. U pulga nevaram kontraktini to‘ladim. Nevaram xursand bo‘ldi. Endi yana qo‘y olaman shu kunlarda. Xudo xohlasa, yana olmasam bo‘lmaydi.

Turmush o‘rtog‘im o‘tib ketganiga 25 yil bo‘ldi. Bolalarimga hammasiga ham ota, ham onaman. Ikki o‘g‘il, ikki qizim bor…”, – deydi Tojixon aya Hamroqulova.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid