Jamiyat | 15:23 / 04.05.2025
17332
5 daqiqa o‘qiladi

“Yopilgan ish” yoxud otgan o‘qi o‘ziga qaytgan tergovchining iqrori

“Bu xabar meni esdan og‘diray dedi, g‘azabimdan qaltirardim. Tergovchi insayti bilan darrov tushundim - bola aldamayapti. Ammo bu gal u mening o‘z jigarim, singlimning farzandi. Va men... 10 yil avval “yopgan” ishimning ayni tasviri oldimda turibdi – endi bu og‘riqni his qilish mening navbatim edi”. Kun.uz’ning “Hayotiy hikoyalar” ruknida sobiq tergovchining nadomatli hikoyasi.

Men u paytda hali yosh, jonkuyar, qonunga ishongan, adolatga shaksiz ishongan tergovchi edim. Ilk ishlarim maydaroq jinoyatlar, bezoriliklar va hokazolar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Ilk yirik ishim — o‘gay otaning qiziga nisbatan qilgan jinsiy zo‘ravonligi holati bo‘lgandi. Befarzandlik sabab ajrashgan erkak ayolni qizi bilan qabul qiladi va undan keyin turmushlari davomida yana 2 farzand ko‘rishadi. Qiz o‘smir yoshga yetganda o‘gay ota tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi. Erkak buni tan oldi, mast holatda bo‘lganini aytdi. Ona gapirishgayam holi yo‘q – faqat yig‘ladi, 2 bolasi yetim bo‘lishini istamasligini, lekin erini kechirmasligini gapirdi.

Bolaning ko‘zlaridagi qo‘rquvni hozirgacha unuta olmayman. Tekshiruvda hamma narsa oydin edi. Dalillar, shifokor xulosasi, bolaning so‘zlari – hammasi aniq. Ota aybdor.

Biroq ishni yopdim.

Ha, o‘zim qo‘lim bilan. Sababi: u kelib, og‘zimga siqqancha pul taklif qildi. “Oilam parokanda bo‘ladi, nima degan odam bo‘laman, el orasida nomim chiqadi, qizning sha’ni bulg‘anadi, kelajagi barbod bo‘ladi. Meni jazolashingiz mumkin, lekin aybimni shunday ham bilib turibman. Ikki bolamni otasiz qilmang, iltimos”, dedi. Pul men o‘ylaganimdan ham ko‘proq edi, shuni ko‘rib aqlimni yo‘qotdim. Kamiga esa o‘zimni “Ishni yopsam, balkim qizchaning hayoti yaxshi bo‘lib ketar”, deb o‘zimni ovutdim.

Ish yopildi. Ota jazosiz qoldi.

Qiz esa onasi bilan jim ketdi. Ularga jim yurishni men o‘rgatdim. Bilishimcha, ayol qizining buvisi bilan yashashini istadi, o‘zi esa turmushini davom ettirdi.

Yillar o‘tdi, men bu voqeani esimdan ham chiqarib yubordim. Ishimda ko‘p o‘sishlar bo‘ldi, hayot o‘z o‘zanida davom etaverdi.

Orada qo‘shni tumanga uzatilgan kenja singlim eri bilan kelisholmay turmushdan ajraldi. 2 yashar qizchasi bilan uyimizga qaytdi. Uch yilcha o‘tib tanishlar orqali bir erkakka turmushga chiqdi. Jiyanim ham uni “dada” deya boshladi. Biz ham xotirjam edik, baxtidan tindi deb. Avvaliga hammasi yaxshi edi, singlimning qizi maktabga chiqdi, yana bir qiz ko‘rdi, ro‘zg‘oridan umuman nolimasdi. Lekin bir kuni jiyanim singlimga “uxlayotganimda dadam xonamga kiradi...” degan gapni aytibdi. Rangi oqarib ketgan singlim bir ahvolda edi bularni menga aytayotganda.

Bu xabar meni esdan og‘diray dedi, g‘azabimdan qaltirardim. Tergovchi insayti bilan darrov tushundim — bola aldamayapti. Ammo bu gal u mening o‘z jigarim, singlimning farzandi. Va men... 10 yil avval “yopgan” ishimning ayni tasviri oldimda turibdi – endi bu og‘riqni his qilish mening navbatim edi.

Bu safar endi men o‘z bolamday bo‘lgan jigarimning himoyasida edim. U erkak qamaldi, jazosini olyapti. Lekin bu bilan o‘tmishda bo‘lgan aybimni yuvolmadim. Endi har kecha men o‘sha qizaloqni o‘ylayman, o‘zimni kechira olmayman, uni topgim va nimadir degim, uzr so‘ragim keladi.

Hozir men ishimni o‘zgartirish arafasidaman. Tergovchi bo‘lish — dalil-isbotlar orasida yurish emas. Bu — har bir inson taqdiri uchun, hatto sen tanimaydigan bola uchun ham to‘g‘ri qaror qabul qilish mas’uliyati. Bu mening kechikib anglagan e’tirofim. U bir bolaning hayotini tiklay olmas, ammo boshqalarni jarohatlanishdan saqlab qolishi mumkin.

Mavzuga oid