7 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
«O‘zbekkosmos» SSSR davrida uchirilgan kosmik apparatning O‘zbekistonga qulash ehtimolini baholadi, prezident «Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar» dasturi boshlanishini e’lon qildi, Toshkentda o‘quvchiga shilqimlik qilgan o‘qituvchi 5 sutkaga qamaldi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

SSSR vaqtida uchirilgan kosmik apparatning O‘zbekistonga qulash ehtimoli
So‘nggi kunlarda SSSR tomonidan «Venera-8» missiyasi doirasida uchirilgan «Kosmos-482» sayyoralararo kosmik apparatning yerga qulashi haqida ma’lumotlar tarqaldi. Ayrim manbalar apparatning qulash nuqtasi Markaziy Osiyo davlatlari hududiga to‘g‘ri kelishini taxmin qilmoqda.
Haqiqatan ham 1972 yil 31 mart kuni sobiq Sovet ittifoqining «Venera» dasturi bo‘yicha «Kosmos-482» sayyoralararo kosmik apparati fazoga uchirilgan. Biroq raketa-tashuvchining yakuniy bosqichi muvaffaqiyatsiz ishlashi oqibatida u Yer orbitasida qolib ketgan.
Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, apparatning yerga qulashi 9-11 may kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. «Kosmos-482»ning aniq qayerga qulashini aytish biroz mushkul. «O‘zbekkosmos»ga ko‘ra, uning O‘zbekiston hududiga tushishi ehtimoli esa hozircha 0,3-0,5 foiz oralig‘ida baholanmoqda – ya’ni 1 foiz ham emas.
Kosmik apparatning parashyuti borligiga qaramay, u koinotda 53 yil qolganidan keyin parashyut ishlamasligi mumkin. Qurilmaning yerga urilish tezligi esa soatiga 500 kilometgacha yetishi kutilmoqda. Bo‘laklar topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish va hech qanday holatda apparat qoldiqlari bilan aloqada bo‘lmaslik tavsiya etiladi, chunki ular tarkibida xavfli kimyoviy moddalar bo‘lishi mumkin.
«Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar»
Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini yanada oshirish, dori vositalari iste’molini tartibga solish hamda tibbiy ta’limni takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda «Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar» dasturi boshlanishi e’lon qilindi.
Bunda viloyat hokimlari kutish joylarida qulay o‘rindiqlarni ko‘paytirib, navbatni tartibga keltirish, «ona-bola» xonalarini tashkil qilish, nogironligi borlar erkin harakatlanishi uchun kirish-chiqish joylari, xona va yo‘laklarda inklyuziv muhit yaratish, qo‘l yuvishga issiq suvi bor pokiza hojatxonalar tashkil etish uchun mas’ul bo‘ladi.
«Oddiy qilib aytganda, tibbiyot muassasasiga madaniyat, tartib-intizom, fayz olib kirib, odamlarga ijobiy kayfiyat ulashadi», — dedi prezident.
Bunga har bir viloyat hokimi 10 milliard so‘mdan ajratadi.
Mutasaddilarga bu ishlarni butun respublikada tizimli tashkil qilish, to‘qson kun natijasi bo‘yicha prezidentga batafsil hisobot berish topshirildi.
Shuningdek, davlat rahbari poliklinikalardagi oilaviy shifokorning bazaviy oyligi 500 dollar, hamshiraniki 300 dollarga yetkazilishini ma’lum qildi. Oilaviy shifokor va hamshira malaka sertifikati olsa, yana shuncha ustama to‘lanadi.
Agar ular mahallada yurib, surunkali kasali borlarga vaqt ajratsa, kasalliklarni erta aniqlab, og‘ir asoratlarning oldini olsa, bularning hisobiga tez yordam va statsionarga murojaatni qisqartirsa, shifokorga yana 500 dollar, hamshiraga esa qo‘shimcha 300 dollar beriladi.
«Bir so‘z bilan aytganda, oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600–800 dollar oylik oladigan tizim qilamiz», – dedi prezident.
10-sinf o‘quvchisiga shilqimlik qilgan o‘qituvchi
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi 10-sinf o‘quvchisiga shilqimlik qilgani uchun ma’muriy jazoga tortildi.
Sud qarorida keltirilishicha, 61 yoshli erkak maktabda fizika fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. U o‘tgan yilning noyabridan boshlab ushbu maktabning 10-sinfida o‘qiydigan o‘quvchi qizga shilqimlik qilib kelgan.
Xususan, o‘qituvchi o‘quvchiga turli smaylklar jo‘natgan. Qizning sinfdoshlaridan uning gaplashib yuradigan yigiti bor yoki yo‘qligi to‘g‘risida surishtirib, o‘quvchining sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir necha marta sodir qilgan.
Ayblanuvchi sudda aybiga iqror bo‘lgan va o‘quvchini sevishini, yomonlik qilish niyati bo‘lmaganini aytgan.
O‘quvchining onasi esa qizi joriy yilning aprel oxirlari unga telefon qilib, maktabda bo‘lgan holatni aytganini bildirgan. Ayol qizining sinf rahbari va maktab direktori bilan qo‘ng‘iroqlashgan. O‘z navbatida maktab direktori onaga oshiqcha gapirsa yomon bo‘lishini, o‘zlari hal qilishini aytgan.
Ona suddan huquqbuzarga nisbatan qonuniy og‘ir jazo tayinlashni, uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirishni so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining qarori bilan o‘qituvchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilgan va unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Mavzuga oid

20:55 / 08.05.2025
8 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

23:01 / 06.05.2025
6 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

20:49 / 05.05.2025
5 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:47 / 02.05.2025