“Shayx Zayniddin” jome masjidida Qur'oni karim xatmonasi
Ramazon oyi fazilatlarga boydir. Uning fazilatlaridan biri oy davomida xufton namozidan keyin taroveh namozi o‘qilishidir. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) taroveh namozi xususida bunday deganlar: “Kim ramazon kechalarida turib, ibodat qilish sunnatligiga ishonib, savob umid etib ibodat qilsa, oldingi gunohlari kechiriladi” (Abu Hurayradan rivoyat qilingan).
Xabaringiz bor, 17 iyundan boshlab mamlakatimizdagi ko‘plab jome masjidlar qatori poytaxtimizning markaziy masjidlaridan biri “Shayx Zayniddin” jome masjidida ham taroveh namozlari boshlangan edi. Kecha 7 iyul kuni taroveh namozida boshlangan Qur'oni karim tilovati Hasan qori va Nasrullloh qorilar tomonidan tamomiga yetkazildi.
10 mingdan ortiq namozxon ishtirok etgan xatmonada bir qator diniy ulamolar, ustozlar, murattab qorilar va imom domlalar ishtirok etishdi. Xususan, Toshkent shahar bosh imom xatibi, ustoz Anvar qori Tursunov hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi din ishlar bo‘yicha qo‘mita mutaxassisi, ustoz Muhammad Bobur Yo‘ldosh domlalar tashrif buyurib, o‘zlarining ibratli nasihatlari bilan jamoatni xushnud etishdi.
Xatmonaning so‘nggi tasbehidan avval namozxonlarga ustoz Anvar qori Tursunov ma'ruza qildi. Ma'ruzada tinchlik, uni asrash, bugungi kun shukronasi, yoshlarning ilm olishi masalalariga to‘xtaldi.
Xatmona yakunida ustoz Muhammad Bobur Yo‘ldosh domla va Toshkent shahar Shayxontohur tuman bosh imom-xatibi, “Shayx Zayniddin” jome masjid imomi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li tomonidan yurtimiz tinchligi va elimiz farovonligi hamda duotalab namozxonlar xaqqiga duoi fotihalar qilindi.
Ta'kidlash kerak, “Shayx Zayniddin” jome masjidida davlatimiz rahbarining Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori asosida tashkil etilgan mazkur tadbirlar Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li boshchiligida yuksak saviyada olib borilmoqda. Xalqimiz Qur'oni karim xatmonasini xotirjamlik bilan ado etib, yaratilgan shart-sharoitdan benihoya mamnun bo‘ldi.
“Shayx Zayniddin” jome masjidida taroveh namozlari davom etmoqda.
Muxlis.uz / “Shayx Zayniddin” jome masjidi matbuot xizmati