Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bugun APLning yangi mavsumi boshlanadi
Bugun jahonning eng nufuzli chempionatlaridan biri — Angliya Premer-ligasiga start beriladi.
Mutaxassislar yangi mavsumda ham chempionlik uchun "kuchli oltilik" ("Arsenal", "Chelsi", "Manchester Siti", "Manchester Yunayted", "Liverpul" va "Tottenhem") jamoalari kurash olib borishini taxmin qilishmoqda.

Manchester Yunayted – Tottenxem
O‘tkazilish vaqti
8 avgust, 16.45, «Old Trafford»
Aytish kerakki, yangi mavsumning ilk o‘yinidayoq ikki ingliz grandi — "Manchester Yunayted" va "Tottenhem" klublari o‘zaro to‘qnashadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 16:45da boshlanadi.

Chelsi – Suonsi
O‘tkazilish vaqti
8 avgust, 21.30, «Stemford Bridj»
Angliyaning amaldagi chempioni — "Chelsi" ham o‘z ishtirokini bugun boshlaydi. Joze Mourino shogirdlari "Suonsi"ni qabul qiladi.

Arsenal – Vest Xem
O‘tkazilish vaqti
9 avgust, 17.30, «Emireyts»
Shuningdek, ertaga ham muxlislarni bir qator qiziqarli bellashuvlar kutib turibdi. Ertaga "Arsenal" - "Vest Xem", "Stok-Siti" - "Liverpul" o‘yinlari o‘tkaziladi.
"Arsenal" bosh murabbiyi yangi mavsum boshidan chempionlik uchun jiddiy kurashishini aytib o‘tgan. Mavsum startinda "Arsenal"ning asosiy o‘yinchilari Aleksis Sanches, Jyek Uilsher, Tomash Rositski va Denni Uelbek kabi futbolchilar o‘tkazib yuborishadi. "Vest Xem" esa 4 yillik hamkorlikdan keyin Sem Ellardays bilan xayrlashib, uning o‘rniga xorvatiyalik mutaxassis Slaven Bilichni olib kelgan.
Stok Siti – Liverpul
O‘tkazilish vaqti
9 avgust, 20.00, «Britaniya Stedium»
Yozgi transferlar vaqtida eng ko‘p mablag‘ sarflagan "Liverpul" liganing eng o‘rtamiyona jamoasi "Stok Siti"ga safar qilish bilan mavsumni boshlaydi. Jamoa Rahim Sterling o‘rniga Firmino, Milner, Benteke kabi futbolchilarni sotib oldi.

Vest Bromvich – Manchester Siti
O‘tkazilish vaqti
10 avgust, 23.55, «Xotorns»
Birinchi turni "Vest-Bromvich" - "Manchester Siti" uchrashuvi yakunlab beradi. O‘yin dushanba oqshomiga belgilangan.
Everton – Uotford
O‘tkazilish vaqti
8 avgust, 19.00, «Gudison Park»
Mavsum debyutantlari "Uotford", "Bornmut" va "Norvich"jamoalarini ham jiddiy bahslar kutmoqda. Troy Dini va Odion Igalo kabi yetakchi hujumchilarga ega "Uotford" murabbiy Roberto Martines boshchiligidagi "Everton" sinovidan o‘tadi.
Bornmut – Aston Villa
O‘tkazilish vaqti
8 avgust, 19.00, «Din Kort»
Chempionshipda o‘tgan mavsum chempioni bo‘lgan "Bornmut" esa Tim Shervudning "Aston Villa"sini qabul qiladi. Jamoa Mett Ritchi, Mark Pyu, Kallum Uilson kabi yetakchilarini saqlab qolgan va o‘tgan mavsumda "Sent-Eten" safida Fransiya chempionatida to‘purarlardan biri bo‘lgan Maks Gradelni olib kelgan holda maqsadlari jiddiyligini bildirgan. "Aston Villa" esa o‘zining asosiy hujumchisi Kristian Bentekeni "Liverpul"ga berib yuborgan holda ancha kuchsizlangan. Jamoa belgiyalik hujumchi o‘rnini "Liverpul"dan olingan Jordan Ayyu bilan to‘ldirgan.

Norvich – Kristal Pelas
O‘tkazilish vaqti
8 avgust, 19.00, «Karrou Roud»
Yana bir debyutant, Aleks Nil boshqaruvidagi "Norvich" esa Alan Pardyu bilan o‘tgan mavsumda yorqin o‘yinlar o‘tkazgan "Kristal Pelas" bilan o‘ynaydi. Mezbonlar Kemeron Jyerom, Bredli Jonson, Natan Redmond kabi futbolchilariga ishonch bildirmoqda. "Kristal Pelas" yozgi transferlar vaqtida Yoan Kabay bilan shartnoma imzoladi. Jyeyson Panchon, Uilfrid Zaa va Yannik Bolazi kabi futbolchilar esa yangi mavsumda ham kuchli o‘yin namoyish etishlari kutilmoqda.
Nyukasl – Sautgempton
O‘tkazilish vaqti
9 avgust, 17.30, «Sent-Djyeyms Park»
9 avgust kuniga belgilangan o‘yinlardan biri "Nyukasl" va "Sautgempton" bahsi bo‘lib, mezbonlar yangi mavsumga yangi murabbiy Stiv Maklaren boshchiligida tayyorlanishdi. Ronald Kuman bilan o‘tgan mavsumda oltinchi o‘rinni olgan "Sautgempton"ning yozgi transferlardagi eng asosiy xaridi "Feyeyyenoord"dan Yordi Klasining olib kelinishi bo‘ldi. Jamoada o‘tgan mavsumning asosiy futbolchilari Dushan Tadich, Grasiano Pelle va Sado Mane saqlab qolingan.
Lester – Sanderlend
O‘tkazilish vaqti
8 avgust, 19.00, «Uokers»
Yana bir o‘yin o‘tgan mavsumning so‘nggi qismida ketma-ket g‘alabalar qayd etib, ligada jon saqlab qolgan va yangi mavsum uchun Klaudio Ranerini olib kelgan "Lester" va Dik Advokat bilan shartnomasini uzaytirgan "Sanderlend" o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. "Lester"ning yangi mavsum uchun qilgan asosiy xaridi "Maynts"dan olib kelingan yaponiyalik Shinji Okazaki bo‘lsa, "Sanderlend" o‘tgan mavsumdagi futbolchilariga ishonch bildirgan.