O‘zbekiston | 19:18 / 14.08.2015
6608
3 daqiqa o‘qiladi

Sentyabrga qadar Samarqand ko‘chalarida 1200ta LED yoritkichlar o‘rnatiladi

Ayni kunlarda “Samarqand Nur” davlat unitar korxonasi tomonidan Samarqand shahridagi markaziy ko‘cha va xiyobonlarga o‘rnatilgan eski yoritkichlar yangi LED chiroqlari bilan almashtirib chiqilmoqda. Birinchi ana shunday chiroqlar Bo‘stonsaroy ko‘chasi va “Ko‘k Saroy” maydoniga o‘rnatildi.

“Samarqand Nur” DUK bosh muhandisi Isroil Yarullayevning 12news.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, Samarqand ko‘chalari yoritkichlarini almashtirish bo‘yicha ishlar “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda Mustaqilligimizning 24 yilligi munosabati bilan amalga oshirilmoqda.

“Bugungi kunda 5500 dona energiya tejovchi lampalar shahar jamoat joylariga o‘rnatib bo‘lindi. Masalan, “Yo‘lbarslar xiyoboni”, “Shoirlar bog‘i”, Universitet xiyoboni, Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘i, So‘g‘diyona” va “Yoshlik” shahar xiyobonlari, “Ko‘k Saroy” maydoni, “Amir Temur maqbarasi” va “Ruhobod” tarixiy komplekslariga o‘rnatildi. Ularning barchasi mamlakatimizda ishlab chiqarilgan bo‘lib, barcha talablarga javob beradi”, deydi bosh muhandis I.Yarullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oy oxiriga qadar Ibn Sino, Registon, Universitet xiyoboni va «Samarkand» xalqaro aeroportiga eltuvchi boshqa bir qator ko‘chalarga ham energiya tejovchi LED yoritkichlar o‘rnatiladi.

Energiya tejovchi lampalarni o‘rnatish ishlariga 40 nafardan ziyod mutaxassislar jalb etilgan.

Samarqand shahridagi markaziy ko‘cha va xiyobonlarni yoritish ishlaridan tashqari, «Samarqand Nur» korxonasi zimmasiga shaharning yorug‘lik illyuminatsiyasini tashkil etish ishlari ham yuklatilgan. Mazkur illyuminatsiyalar turli bayramlar, shu jumladan, avgust tadbirlarida shahar muhitiga o‘zgacha ruh bag‘ishlaydi. Bugunga qadar turli-tuman rangdagi yorug‘lik illyuminatsiyalari shaharning ko‘plab markaziy ko‘chalarini bezab turibdi.

LED yoritkichlarni o‘rnatish ishlari bayramlardan keyin ham davom ettirilib, ishlarning ikkinchi bosqichi joriy yil dekabr oyida nihoyasiga yetishi belgilangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish