Jahon | 17:24 / 31.08.2015
3088
2 daqiqa o‘qiladi

Rada oldidagi tartibsizliklar tufayli jabrlanganlar soni 100 nafardan oshdi

Ukraina parlamenti 31 avgust kuni birinchi o‘qishda mamlakat konstitutsiyasining desentralizatsiya haqidagi moddasini o‘zgartirish haqida qaror qabul qilgach, Oliy Rada binosi oldida boshlangan tartibsizliklar davomida jabrlanganlar soni 100 nafardan oshdi.

Bundan oldinroq, Rada oldida kuchli portlash natijasida kamida 15 nafar militsiyachi jabrlangani haqida xabar berilgandi.

Kiyev shahri militsiyasi boshlig‘i Aleksandr Tereshchukning rasman ma'lum qilishicha, ayni vaqtda to‘qnashuvda jabrlanganlar soni 100 nafardan oshib ketdi.  Ulardan 4 nafarining ahvoli og‘ir. Bu haqda 112 Ukraina xabar qilgan.

"Portlashdan keyin ko‘chada juda ko‘p qon to‘kildi. Bu portlash yoki qo‘l granatasi orqali, yoki janglarda foydalaniladigan granata orqali amalga oshirilgan. Bu masala bo‘yicha aniqlik kiritiladi", deydi Tereshchuk.

Ayni vaqtda militsiya va huquq-tartibot organlari xodimlari namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llamoqda, vaziyat o‘zgarmasa keskinroq choralar ko‘rilishi aytilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish