Fan-texnika | 23:23 / 09.09.2015
2579
2 daqiqa o‘qiladi

Apple 12,9 dyuymli iPad Pro planshetini namoyish qildi

Apple kompaniyasi 9 sentabrda San-Frantsiskoda Bill Graham Civic Auditorium zalida bo‘lib o‘tgan taqdimotda 12,9 dyuym ekran va stilusga ega iPad Pro planshetini namoyish qildi.

Kompaniya boshlig‘i Tim Kuk bu qurilmani tanishtira turib, uni “iPad paydo bo‘lgandan beri iPad uchun eng katta yangilik” deb atadi. Qurilma ekranining ko‘rsatish qobiliyati 2732 ga 2048 pikselni tashkil qiladi.

Planshet displeyi bosish kuchini aniqlay oladigan Force Touch funksiyasi bilan jihozlangan. Qurilma qalinligi 6,9 mm ni, og‘irligi esa 712 grammni tashkil qiladi.

Yangi planshet A9X protsessorida ishlaydi. Apple’da ta'kidlanishicha, planshetning unumdorligi oddiy kompyuterlarnikining 80 foizini tashkil qiladi. Planshet akkumulyatori planshetning 10 soat uzluksiz ishlashini ta'minlaydi.

 

iPad Pro to‘rtta dinamik bilan jihozlangan: ikkitadan pastda va yuqorida. Qurilma oddiy Lightning porti orqali quvvatlanadi.

Apple kompaniyasi iPad Pro uchun maxsus Apple Pencil stilusini yaratdi. Kompaniyada stilus “zarracha bosishni” ham aniqlay olishi va undan barmoqlar bilan birga foydalanish mumkinligi aytilmoqda.

 

Apple, shuningdek, matn kiritish uchun maxsus klaviaturani namoyish qildi. U planshet g‘ilofiga o‘rnatilgan bo‘lib, unga magnit ulagichlar orqali ulanadi.

iPad Pro plansheti iPad Air 2 kabi ekranni ikkiga bo‘lish orqali ko‘p vazifalilik funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish