2016 yilgi Ginnessning rekordlar kitobiga futbolchi kuchuk va tezyurar toshbaqa kiritildi
Ginnessning rekordlari kitobi yangi nashrida jonivorlar qayd etgan rekord natijalar haqidagi ma'lumotlar kiritildi. To‘plam mualliflarining ta'kidlashicha, bir yildan ziyodroq vaqt mobaynida bo‘lg‘usi rekordchilarning natijalari o‘rganildi. Guinness World Records saytida ma'lum qilinishicha, 2016 yilgi nashrda aynan jonivorlar barcha rekordchilardan o‘zib ketishdi.
Xususan, nashr Purin laqabli yapon futbolchi kuchugi to‘g‘risida ma'lum qildi. Jonivor “Kuchuk bir daqiqada o‘z panjalari yordamida uzatilgan koptoklarni tutib qolish” yo‘nalishida rekord natija qayd etdi. Purin o‘zining rekordini yangiladi. O‘tgan safar u 11ta to‘pni ushlab qolgan bo‘lsa, bu safar 14taga yetdi.
Ekspertlar, shuningdek, eng tez yuguruvchi toshbaqani ham izlab topishdi. U britaniyalik Berti bo‘lib chiqdi. Berti olti daqiqada 100 metr yoki soatiga 0,6 mil (qariyb 966 metr) masofani bosib o‘tdi.
AQShdagi Francheska angor quyoni esa “Quyonlardagi eng uzun yung” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Uning yunglari 36,5 sm ni tashkil etdi.
Ginnesning rekordlar kitobi bosh muharriri Kreyg Glendeyning ma'lum qilishicha, jonivorlar erishgan muvaffaqiyatlar eng ommaviy mavzulardan bo‘lib, o‘quvchilar ularni doimo sabrsizlik bilan kutishadi.