Jamiyat | 15:56 / 22.09.2015
12230
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik milliarder buyurtma qildirgan dunyodagi eng yirik yaxta suratlari e'lon qilindi

Ommaviy axborot vositalarida “Yevroxim” rahbari Andrey Melnichenko buyurtmasi asosida tayyorlangan dunyodagi eng yirik yelkanli “A” (Sailing Yacht A) yaxtasining suratlari e'lon qilindi. Kema Germaniyaning Kil shahridan sinov uchun suvga tushirildi, deya xabar bermoqda RBK.

Kemaning narxi 260 mln yevrodan kam emas. U Nobiskrug kemasozlik kompaniyasining Germaniyadagi verfida qurildi. Sinov uchun suga tushirilgan yaxta sayri ko‘plab guvohlarning e'tiborini o‘ziga tortdi.

“A” yaxtasining uzunligi 147 metr, uchta yelkanining balandligi esa 91,5 metrni tashkil etadi. Bu esa taxminan 30 qavatli uy balandligiga teng demakdir. Kema suv ostidagi botib turuvchi xonalar bilan qo‘shib hisoblaganda, sakkiz qavatdan tashkil topgan. Shuncha haybatli bo‘lishiga qaramasdan, milliarderning yaxtasi 20 nafar mehmon va 54 nafar ekipaj a'zolari uchun mo‘ljallangan xolos.

Boat International nashri ma'lumotlariga ko‘ra, undan keyingi o‘rinda turuvchi eng yirik yaxta Sea Cloud bo‘lib, 1931 yilda suvga tushirilgan. Uning uzunligi 96,35 metrni tashkil etadi.

Forbes jurnali Melnichenko boyligi 9,1 mlrd dollar ekanini ma'lum qilgan. Tadbirkor Sibir ko‘mir energetika kompaniyasi, “Yevroxim” va boshqa bir qator kompaniyalarning nazorat paketlariga egalik qiladi. Forbes milliarderlarning global reytingida Melnichenko 137-o‘rinni egallaydi.