O‘zbekiston | 11:15 / 24.09.2015
7327
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Qurbon hayiti keng nishonlanmoqda

O‘zbekistonda ezgulik, saxovat, mehr-oqibat, qanoat va shukronalik ayyomi – muborak Qurbon hayiti keng nishonlanmoqda.

"Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ma'naviyatni yuksaltirish, umrboqiy an'ana va qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2015 yil 18 sentabrdagi “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq xayr-saxovat, o‘zaro yordam kabi ezgu amallar bajariladigan ayyomni munosib o‘tkazish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rildi. Tegishli idora va tashkilotlar tomonidan tinchlik-osoyishtalikni saqlash, hayit namozi o‘qiladigan masjidlarda jamoat tartibini, yong‘in xavfsizligini ta'minlash, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan holda aholiga transport xizmati ko‘rsatish tadbirlari amalga oshirildi.

...Poytaxtimizdagi Hazrati Imom (Xastimom) masjidi erta tongdan gavjum. Ushbu majmuada mamlakatimizdagi barcha jome' masjidlarida bo‘lgani singari mo‘min-musulmonlar hayit namozini emin-erkin ado etib, Yaratgandan yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, to‘kinlik va farovonlik bardavom bo‘lishini tilab, duo qildi. Bir-birini qutlagan tabriklarda, ulashilgan shirinligu sovg‘alarda o‘zaro mehr-muruvvat, hamjihatlik, saxovat kabi umrboqiy tushunchalarning ezgu mohiyati yana bir bor namoyon bo‘ldi.

– Shukrki, xalqimiz ma'naviy hayotida alohida o‘rin tutgan hayit ayyomini ko‘tarinki ruhda, emin-erkin nishonlamoqdamiz, – deydi Shukrullo ota Qarshiyev. – Yoshlarimiz uchun bu oddiy hol bo‘lib tuyular, lekin e'tiqod erkinligi, yaxshilik, xayr-saxovat, mehr-oqibat kabi ezgu qadriyatlarimizning hayotimizda namoyon bo‘lishi nechog‘li ulkan baxt ekanini biz katta avlod vakillari yaxshi anglaymiz. Chunki bir paytlar shu oddiy imkoniyatlardan ham mahrum edik. Istiqlol tufayli din, e'tiqod erkinligi ta'minlangan, tinch va obod mamlakatda yashayapmiz. Yurtboshimiz rahnamoligida milliy-diniy qadriyatlar, ilmu ma'rifat rivojlanmoqda. Milliy o‘zlikni anglash, xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bunga sevinmay, shukrona aytmay bo‘ladimi?! Ilohim, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlikka ko‘z tegmasin.

Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondidan ma'lum qilishlaricha, mamlakatimizdagi barcha mahallalarda ushbu xayru saxovat, mehr-oqibat, shukronalik ayyomini bayramona kayfiyatda kutib olish va o‘tkazish uchun tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi. Bayram arafasida “Nuroniy” jamg‘armasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar hamkorligida Mehribonlik, Muruvvat va Saxovat uylariga homiylik yordamlari ko‘rsatildi. Yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan oilalar, nogironlar, bemorlar holidan xabar olinib, moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlandi.

Ha, tinchlik-xotirjamlik, mehr-oqibat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, himmat va saxovat kabi ezgu an'analar yurtimizda mustahkam qaror topgan. Mana shunday farahbaxsh kunlarda har birimizning qalbimizda shukronalik va shodumonlik tuyg‘usi jo‘sh urishi shubhasiz. Muborak Qurbon hayitining keng nishonlanishi yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikning, qo‘lga kiritayotgan bemisl yutuqlarimizning shukronasidir", deyiladi UzA xabarida.