Fan-texnika | 17:15 / 01.10.2015
9661
2 daqiqa o‘qiladi

Gollandiyalik arxitektor sahroda tuzdan shahar qurmoqchi

Delft texnika universiteti bitiruvchisi, arxitektor tomonidan yaqinda ishlab chiqarilgan antiqa qurilish materiali bir nechta qurg‘oqchilik muammolarini hal qilish mumkin. “Biomimetik” deb atayotgan usuli orqali Erik Gibors dengiz suvidan tuz olish uchun quyosh energiyasidan foydalanadi.

Olingan tuzni u dengiz suvo‘tlaridan olingan kraxmal bilan aralashtiradi va mustahkam g‘isht tayyorlaydi. Chuchuklantirilgan suv esa ekinlarni sug‘orish uchun ishlatiladi.

“Har daqiqada 23 gektar – yiliga 12 million gektar yer sahroga aylanadi”, deb yozadi arxitektor o‘z saytida. 

Gibors umuman chiqindi chiqarmaydigan tizim yaratishga ahd qilgan. Tuz namlik ta'sirida erishi mumkin, shuning uchun Gibors kraxmallangan tuzli g‘ishtlarni epoksid qatron yordamida germetiklaydi. Arxitektor hozirda uning o‘rnini bosadigan biologik xomashyo qidirmoqda. Tuzi ajratib olingan dengiz suvi esa issiqxonalardagi ekinlarni sug‘orishga sarflanadi.

Arxitektor bu yangiligi uchun qator mukofotlarni qo‘lga kiritdi. U ayni paytda, o‘z loyihasining keyingi bosqichini amalga oshirish uchun muhandislar bilan muzokara olib bormoqda.

Manba: xabardor.uz