Jamiyat | 09:44 / 12.10.2015
4627
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik anomal holatlar tadqiqotchisi O‘zbekistonga kelishni rejalashtirmoqda

Rossiyalik jurnalist, rejissyor, anomal holatlarni tadqiq etuvchi loyihalari bilan mashhur Nikolay Subbotin joriy yilning oktabrida O‘zbekistonga safar uyushtiradi. Bu haqda u “Komsomolskaya pravda” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Subbotinning ta'kidlashicha, u O‘zbekiston hududida Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida aniqlangan Arqaim arxeologik manzilgohiga o‘xshagan obekt borligidan xabar topgan va u yerda tadqiqot o‘tkazmoqchi. Arqaim ko‘pchilik mistiklar tomonidan ko‘plab afsona va rivoyatlar bilan bog‘lanadi. Ilmiy nuqtai nazardan esa shunchaki bronza asriga oid diqqatga sazovor protoshaharchilik yodgorligidir. Uning spiralsimon qurilishi o‘z vaqtida ko‘plab me'moriy masalalarni olimlar kun tartibiga qo‘ygan.

Subbotinning e'tirof etishicha, u O‘zbekiston hududida mana shunga o‘xshash spiralsimon manzilgoh borligini fazodan tushirilgan suratlar tahlili asosida aniqlagan. Lekin reklama roligidan ma'lum bo‘lishicha, ekskursiya Qadimgi Xorazm yodgorliklari, birinchi navbatda, spiralsimon qurilishga ega Qo‘yqirilganqal'a obektiga uyushtiriladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish