Sport | 19:42 / 30.10.2015
8320
5 daqiqa o‘qiladi

Maradona 55 yoshda. Futbol va futbolchiga xos bo‘lmagan hayot

Bugun, 30 oktabr kuni argentinalik sobiq futbolchi va Argentina terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Diyego Armando Maradona 55 yoshini nishonlamoqda.

U XX asrning eng yaxshi futbolchilaridan biri hisoblanadi. Uning futbolchilik faoliyati ko‘plab g‘alabalar bilan birgalikda, ko‘plab mojarolar bilan bog‘lanadi.

Maradona 1960 yilning 30 oktabrida Buenos-Ayres viloyatida, tegirmonchi don Diyego oilasida tavallud topgan. Uning onasi Dalma Salvadora Franko uy bekasi bo‘lgan.

Kichik Diyego 7 yoshida futbol bilan shug‘ullanishni boshlagan, 16 yoshga to‘lishi arafasida "Arxentinos Xuniros" jamoasi tarkibida professional futbolchi sifatida ilk o‘yinini o‘tkazgan. U 1979 yilda Tokioda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etib, turnirning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgandi. U Argentina terma jamoasining Tokiodagi zafarli ishtirokida muhim o‘rinni egallagandi.

1981 yilda Maradona "Boka Xuniors" tarkibida mamlakat chempioni bo‘lgan, 1982 yilda asosiy terma jamoa bilan jahon chempionatida ishtirok etdi. Uning turnirdagi ilk ishtirokidan keyin muxlislar unga jahon futbolida Pelening o‘rnini egallovchi yangi yulduz sifatida qaray boshlashdi.

Mundialdan keyin Maradona "Barselona" bilan shartnoma tuzgan, Ispaniyadagi ikki mavsumda u jamoasi bilan mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan. Lekin futbolchi jarohat tufayli o‘zini kutilganidek namoyish eta olmaydi va jamoa rahbariyati ishonchini oqlamaydi. Shundan so‘ng, uni Italiyaga, "Napoli" jamoasiga transfer qilishadi.

U Italiyada o‘z faoliyatining eng yulduzli davrlarini o‘tkazdi. 1991 yilgacha Maradona "Napoli"ga 2 marta Italiya chempionligini olib berdi va bir martadan Italiya Kubogi hamda UYeFA kubogiga ega chiqdi.

1986 yilda Meksikada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati Argentina terma jamoasining zafarlari bilan yodda qoldi. Bu turnirni eslashlariga sabab bo‘ladigan eng asosiy voqea esa Diyego Armando Maradona ishtirokida sodir bo‘lgan. U Angliya terma jamoasiga qarshi o‘yinda avvaliga raqibning 6 nafar futbolchisini aldab o‘tib, gol urgan. Uning o‘yindagi ikkinchi goli bosh aralash qo‘l bilan urilgan. Futbolchining o‘zi keyinchalik bu golni "Xudoning qo‘li orqali urilgan gol" deya tariflagan.

Neapolda muxlislar Maradonani ilohiylashtirishgan, 1988 yilda shaharda "Maradonianlar cherkovi" barpo etilgan. Bu yangi e'tiqod vakillari uchun yangi yil 1960 yilning 30 oktabri hisoblanadi. Ular Diyego tomonidan Angliya darvozasiga 2ta gol urilgan 22 iyun kunini o‘ziga xos "Pasxa bayrami" sifatida nishonlashadi.

1990 yilda Italiyada o‘tkazilgan mundialda Argentina terma jamoasi kumush medallar bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi. Germaniyaning keyingi 10 yil davomida jahon futbolida eng kuchlilardan biri bo‘lgan yosh tarkibi finalda g‘alaba qozondi.

1990 yilgi JCh argentinaliklar uchun yanada qayg‘uli bo‘ldi. Terma jamoaning asosiy futbolchisi Maradona shifokorlarning xatosi tufayli kokain qabul qilganlikda ayblanib, diskvalifikatsiyaga uchraydi. 15 oyga futboldan chetlatilgan futbolchi 1991 yildayoq amalda futbolchilikni yakunlashga majbur bo‘ladi.

U rasman 1997 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlangani haqida e'lon qilgan bo‘lsada, keyingi davr uning uchun inqiroz davri bo‘ldi.

Maradona o‘z faoliyati davomida 687ta o‘yin o‘tkazib, 363ta gol urgan. (Shundan Argentina terma jamoasida 113ta o‘yin, 50ta gol).

Futbolchilik faoliyatini yakunlagan Maradona Argentina va Italiyadagi telekanallarda sharhlovchi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. U 2005 yilning iyunidan 2006 yilning avgustigacha "Boka Xuniors" jamoasida vitse-prezident sifatida ishlaydi. Shuningdek, bir necha filmlarda suratga tushadi.

2008-2010 yillarda Argentina terma jamoasida bosh murabbiy bo‘lgan Maradona omadga erisha olmaydi. 2010 yilda JARda o‘tgan mundialda argentinaliklar chorak final uchrashuvida Germaniyadan mag‘lub bo‘ladi (0:4) va Maradonaga chiqish eshiklari ko‘rsatiladi.

 

Keyinroq Maradona BAAning "Al-Vasl" jamoasida (2011-2012 yy) bosh murabbiy sifatida ishlaydi.

U 2015 yilda futbol olamida yana faol ko‘rina boshladi. Maradona o‘zini FIFA rahbarligi uchun qobiliyatli nomzod sifatida atab, prezidentlik uchun qatnashmoqchiligini bildirdi. Ammo yakunda u nomzod sifatida hujjat topshirmadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish