Sport | 22:21 / 06.11.2015
8288
4 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu: O‘g‘lim sovg‘aga iPhone 6s olish uchun hali yoshlik qiladi

Futbol olamining eng mashhur shaxslaridan biri bo‘lmish Krishtianu Ronaldu o‘zining shaxsiy hayotidagi ba'zi jihatlari, xususan 5 yoshli o‘g‘li Krishtianinyu bilan munosabatlari haqida The Times va Kicker nashrlariga so‘zlab berdi.

Ronaldu o‘z intervyusida o‘g‘lining kulgusi unga hamisha quvonch bag‘ishlashini aytib o‘tgan.

U o‘g‘lining tug‘ilishi haqida ma'lumotlarni matbuotdan sir tutishda davom etishini bildirgan.

"Men 25 yoshga kirganimda ota bo‘lishni istay boshladim. Va shunday bo‘ldi ham. men yolg‘iz otaman. Dunyoda ko‘pchilik bilan shunday. Onasiz o‘sayotgan faqat mening o‘g‘lim emas. Dunyoda otasiz o‘sayotgan bolalar ham ko‘p. Men hech qachon hech kimga o‘g‘limning qanday qilib yer yuzida paydo bo‘lib qolgani, uning onasi kimligi haqida aytib bermayman. Faqat uning o‘zigagina, u ulg‘ayganida bor gapni yetkazishim mumkin. Men unga barchasini tushuntiraman, o‘z boshimdan qanday hissiyotlar kechirganim haqida aytaman. Menimcha u buni to‘g‘ri qabul qiladi", deydi futbolchi.

"O‘g‘limning tug‘ilishi hayotimni o‘zgartirib yuborgan. U hamishi kulib yuradi va menga hamisha dalda beradi. Men uning ham futbolchi bo‘lishini, u ham men bosib o‘tgan yo‘llardan yurib, hujumchi sifatida kuchli jamoalarda o‘ynashini istayman. Lekin u hozircha darvozabon bo‘lishga ro‘yxushlik bildirmoqda", deya ma'lum qilgan Ronaldu.
Dunyodagi eng ko‘p pul ishlab topuvchi Ronaldu tarbiya jarayonida ancha qattiqqo‘lligini va bu jarayon tartib bilan bo‘lishi kerak deb hisoblashini aytadi.

"Farzandlarning tarbiyasi osonlik bilan buzilib ketishi mumkin. Agar sen kichkina bo‘lib katta karovatda yotsang, bolalikdan to‘kin-sochin hayot kechirsang, nonushtaga har safar yogurt va mevalar iste'mol qilsang juda erka bo‘lib o‘sasan.

O‘g‘lim ancha oldinroq, unga iPhone 6s sotib olib berishimni so‘ragandi. Men darhol unga "yo‘q!" deganman. U esa iltimosini takrorlab, telefon unga men bilan gaplashishi uchun kerak bo‘lishini aytgandi. Men esa yana unga "bunday vaqtda buvisidan men bilan bog‘lab berishini so‘rashi kerakligi"ni aytganman. Uni doim nazorat qilib tura olmasman, lekin uni yaxshi tarbiya qilishni istayman va shu uning uchun eng kerakli sovg‘a bo‘ladi", deydi ota Ronaldu.

O‘z navbatida, u o‘g‘lini ovqatlardan umuman tiymasligini ayon qilgan.

"Har yakshanbada biz bu borada o‘zimizga erk beramiz va burger yeb, koka-kola ichish uchun yo‘l olamiz. Lekin me'yorga amal qilgan holda", deya aniqlik kiritadi futbolchi.
Eslatib o‘tamiz, 2010 yilda Krishtianu Ronaldu o‘g‘illi bo‘lgani haqida ma'lum qilgandi. Uning biologik onasi haqida aniq ma'lumotlar yo‘q.

Kichik Ronaldu otasi va buvisi Dolores bilan Madridda yashaydi.

Ronaldu o‘z avtobiografiyasida o‘g‘lining onasi haqida hech qachon hech kimga ma'lumot bermasligini ta'kidlab o‘tgan.

Matbuotda bu masala bilan bog‘liq turli mish-mishlar yuradi. Ulardan biriga ko‘ra, Krishtianinyu AQShda surrogat ona orqali dunyoga kelgan va Ronaldu bu amaliyot uchun 20 million dollar sarflagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish