Jamiyat | 19:58 / 08.12.2015
14272
8 daqiqa o‘qiladi

Onamiz – omonatimiz

Ijtimoiy tarmoqlarning birida onalar to‘g‘risida ta'sirli hikoya o‘qib qoldim. Uning muallifi, yozilgan sanasi, qaysi mamlakatda bo‘lib o‘tgani, to‘qimami yoki bo‘lgan voqeami – noma'lum. Biroq onalarni e'zozlash, ularning qadriga yetishga undaydigan, kishini o‘yga toldirar ekan:

“Ertalab choy ichib o‘tirgandim. Ayolim kelib, yonimga o‘tirdi. Piyolaga choy quyib uzatarkan, asta gap boshladi:
- Dadasi, bugun boshqa bir ayolni kechki ovqatga taklif qilishingizni istayman.
Chaynab turgan nonim tiqilib qolayozdi.
-Tinchlikmi, onasi? Qanaqa ayol bilan kechki ovqatga boraman, ko‘rganlar nima deydi, esingni yedingmi? - dedim o‘zimni o‘nglab.
- Men sizni qattiq sevaman, xammadan qizg‘onaman, lekin aniq bilamanki, u ayol sizni mendan-da ortiq sevadi, va siz bilan bir soniya bo‘lsada birga suhbat qurib, diydoringizga to‘yishni istaydi. Bu inson sizning onangiz, - dedi ayolim.
Chuqur o‘yga tolib qoldim. “Mana 19 yildirki, onam dadamsiz, birgina ukam bilan qishloqda yashaydi. Uchta bola va ayolimni yaxshi kiyintirib, yaxshi boqaman, deb biror marta onamga tuzukroq e'tibor bermabman. “O‘g‘il bo‘lmay ket, tur o‘rningdan”, deya o‘zimni o‘zim koyib o‘rnimdan turdim. Telefonimni olib onamga qo‘ng‘iroq qildim.
Onam go‘shakni ko‘tariboq: “Tinchlikmi, bolam, nima bo‘ldi, buncha barvaqt telefon qilding”, - deb qoldilar.
- Onajon, xavotirlanmang. Faqat yomon narsa bo‘lishi kerakmi, saharlab qo‘ng‘iroq qilishim uchun? Sizni sog‘indim, - dedim nafasim qisilib.
Onam quloqlariga ishonmadilar shekilli. Chunki bu gapni ancha yillardan beri birinchi marta aytishim edi.
- Bolam, gaplaring yoqmayapti. Xuddi o‘limidan oldin vasiyat qiladiganlarga o‘xshab gapirma! Nima bo‘ldi? - deya yana so‘radilar.
- Hech narsa emas, onajon. Maylimi, bugun kechga sizni biror restoranga kechki ovqatga taklif qilsam? Ikkalamiz shu oqshomni birga o‘tkazsak?
- Bir oz jim qoldilar-da, “Jon-jon deyman, bolam” - dedilar-da piqillab yig‘lab yubordilar.
Kechqurun mashinamga minib, onamning uyi tomon ketarkanman, xuddi uzoq kutgan sevgilisi bilan uchrashuv oldidan hayajonga tushib qoladigan oshiqdek, balki undan ham battar holga tushib, yuragim tez-tez ura boshladi.
Yetib kelib to‘xtaganimda havo sovuq bo‘lishiga qaramay, onam darvoza oldida kutib turardilar.
- Onajon, nega chiqib oldingiz? Kelib o‘zim olib chiqardim, sovuqda muzlabsiz-ku?
Onam kelib peshonamdan o‘pib, so‘rashdilar-da, “Bolam, yuragim toqat qilmay chiqib oldim”, - dedilar.

Onam xuddi uchrashuvga chiqqandek yasanib olgandilar. Holatlarini ko‘rib dam kulgim kelardi, dam o‘zimni yomon ko‘rardim: “Nega shu paytgacha onangni bir marta bo‘lsa-da shunday xursand qilmading”, - deb.

Mashinaga o‘tirar ekanlar, “Dugonalarimga bugun o‘g‘lim meni restoranga taklif qildi, desam hammasining menga havasi keldi”, - dedilar.

Shahar markazidagi shinamgina restoranga kirdik. Kirar ekanmiz, onam qo‘limdan ushlab olib, viqor bilan, xuddi shaharning birinchi raqamli xonimidek yurib borardilar. Ko‘zlaridagi quvonchni yashirishning imkoni yo‘q edi. Stolga o‘tirar ekanmiz, menyuni olib o‘qidim. Onam ancha ko‘zdan qolibdilar, faqat katta harflarni ko‘ra oldilar xolos.

- Sen bolaligingda o‘qishni bilmasding, menyuni men o‘qirdim, sen esa erkalanib biror narsa tanlaguningcha ancha vaqt o‘tardi, endi esa sening navbating kelibdi, - dedilar onam uzoq o‘tmishni eslab.

Suhbat qurib uzoq o‘tirdik. Vaqt allamahal bo‘lganini ham sezmabmiz. Qalbimda qandaydir shirin xotiralar, notanish iliqlik jo‘sh ura boshladi. Qanchalar ajoyib kecha bo‘ldi. “Shunday ayolni nega shu paytgacha bir marta bo‘lsa-da restoranga taklif qilmabman? Bu shunchalar ajoyib ekan-ku”, - deya o‘zimni o‘zim tergay boshladim. Onamni uylariga qo‘yar ekanman, “Bolam, sen bilan yana o‘sha yerga borishni istayman”, - dedilar.

- Bajonidil, onajon, unda kelayotgan haftada boramiz, - dedim.
- Lekin bu safar man to‘layman restoranning pulini, - dedilar qaysarlik bilan.
- Mayli, onajon, siz nima desangiz shu, - dedim.
Uyga qaytganimda ayolimga rahmat aytdim, axir u menga ajoyib bir oqshomni o‘tkazishda katta yordam berdi-da.

Oradan ikki kun o‘tmay saharda ukam telefon qilib, “Aka, tez keling, onamning yuraklari xuruj qildi”, - deb qoldi.

Onamni tirik ko‘rish nasib qilmadi. Borgunimcha jonlari uzilibdi. Ma'rakalardan keyin ukam bir konvert tutqazdi, onam berib qo‘ygan ekanlar. Ochdim. U yerda bir parcha qog‘ozga xat qoldiribdilar:

“Bolam, va'da qilganimdek, avvaldan borib restoranga ikki kishilik kechki ovqatni hisoblatib, pulini to‘lab keldim. To‘lov qog‘ozi ham shu yerda. Balki o‘sha kungacha men yetib bormasman. Lekin sen albatta ayolingni olib o‘sha yerga borgin. Ikkalamiz o‘tirgan joyda”...

Hikoya so‘ngida ko‘zlarimga yosh qalqdi. Qani edi bu qadar ta'sirli hikoyalarni o‘z onasining qadriyaga yetmayotganlar o‘qisa, ularning qadr-qimmatini joyiga qo‘ysa. Garchi bu dunyoda onalarni e'zozlamaydigan millat bo‘lmasa ham, ayrim kishilar borki, ularga bu haqda har kuni bong urib turish lozimdek.

Buni qarangki, bosh qomusimizdagi bir modda ham aynan ana shunday kishilarga mo‘ljallangan ekan: “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar” (66-modda). Bu moddani o‘zimcha hammaga ham taalluqli emas, deb tushundim. Uni qalbi ezgulikdan mahrum, adashganlar yoki unutganlar uchun eslatma, ogohlantirish deb qabul qilish mumkin, nazarimda. Chunki yaxshilarga yaxshilik qil, deb aytishning hojati yo‘q. Ular hech bir ishni yaxshilik deb bajarmaydi – ularning hayot tarzi ezgulikka qurilgan. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrim kimsalar borki, har kuni, har daqiqada ularga munis va mo‘'tabar zot bo‘lmish onalarga yaxshilik qilish lozimligini eslatib turish zarur. Zero onalarimiz – omonatlarimiz.

Quyida e'tiboringizga havola etilayotgan monolog ham onalarning qadriga yetish lozimligini yana bir bor yodga soladi.