Fan-texnika | 20:25 / 28.12.2015
4047
2 daqiqa o‘qiladi

New Horizons Plutonning ilk video tasvirlarini yozib oldi (video)

2015 yilning iyul oyida Pluton yaqinidan uchib o‘tgan sayyoralararo New Horizons stansiyasi nafaqat osmon jismining sathidagi ko‘rsatkichlarni o‘lchadi, balki Quyosh tizimining ushbu qismida ilk videorolikni ham yozib oldi.

Mazkur tasvirlar Ralph teleskopining ikki “kanali”dan biri hisoblangan LEISA — infraqizil diapazondagi videospektrometri yordamida olindi.

U tasvirlarni odatdagi 256x256 pikselli kamera kabi ikki o‘lchamda yozib oladi. Biroq ularni bir qator filtrlardan o‘tkazib, piksellarning har bir qatorini o‘ziga xos to‘lqinlari bo‘yicha “ko‘zdan kechiradi”. Filtr 1,25-2,5 mikron uzunlikdagi to‘lqinlarnigina o‘tkazadi. Mazkur diapazon Pluton sathidagi muz va boshqa ko‘plab obektlar aynan unda ko‘rinishi tufayli tanlangan.

Barcha piksellar LEISA filtri tutib qoladigan to‘lqin uzunligini ko‘rsatishi uchun bo‘yalgan, biroq videorolik uchun ular insonga ko‘rinadigan spektr qismida qayta kodlab chiqildi (kamalak). Bundan tashqari, videorolik tekisroq harakatni namoyish etishi uchun tezlashtirilgan.