Fan-texnika | 19:18 / 12.01.2016
12279
2 daqiqa o‘qiladi

Kia bahaybat yo‘ltanlamasini namoyish qildi

Kia kompaniyasi uch qator o‘rindiqli ulkan Telluride kontseptual yo‘ltanlamasini namoyish qildi. Yangi model premerasi Detroytdagi motorshouda bo‘lib o‘tdi.

Yetti o‘rindiqli Telluride so‘nggi avlod Sorento yo‘ltanlamasi shassisi asosida modifikatsiya qilingan. Prototip uzunligi 5001 millimetr, kengligi – 2029 millimetr, balandligi – 1800 millimetrni tashkil etadi.

Kontsept ost qismining metalli himoyasi, panoramali tom, yorug‘lik diodli old chiroqlar va 22 dyuymli g‘ildirak diski hamda Hankook Ventus qoplamasi bilan ta'minlandi. Orqa o‘rindiqlar harakat yo‘nalishiga qarshi yo‘nalishda 90 daraja burchak ostida ochilib, uchinchi qatordagi o‘rindiqlarga o‘tishni osonlashtiradi.

Oldingi va ikkinchi qator o‘rindiqlariga maxsus datchiklar o‘rnatilgan bo‘lib, haydovchi hamda yo‘lovchilar salomatligini nazorat qilib boradi.

Orqadagi yo‘lovchilar ham harakatlar orqali boshqariladigan Harman Kardon stereotizimiga ulana oladi. Bu orqada ketayotib bir qo‘l ishorasi bilan musiqani yoqish, uni o‘tkazish va boshqa buyruqlarni berish demakdir. Shuningdek, musiqalarni simsiz quloqchin(naushnik)lar orqali ham tinglash mumkin.