Jamiyat | 10:32 / 14.01.2016
5122
2 daqiqa o‘qiladi

«Ajoyib matematika» festivali muvaffaqiyat bilan yakunlandi

Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘tkazilgan birinchi ilmiy-amaliy «Ajoyib matematika» festivali muvaffaqiyat bilan yakunlandi. 6-8 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan festival Toshkent shahridagi Inha universiteti va Janubiy Koreyadagi Inha universiteti, Korzinka.uz supermarketlar tizimi va O‘zbektelekom AJ ko‘magida tashkil etildi.

Festival ishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga Janubiy Koreyadan 20 nafar matematika o‘qituvchisi tashrif buyurdi. Festival doirasida ular turli pazllar, mashqlar va misollarni bolalarga taqdim etdilar. Bolalar tadbir doirasida turli geometrik figuralar ham yasashdi va matematik tanlovlarda ishtirok etdilar. Tanlov g‘oliblariga sovg‘alar topshirildi.

Uch kun davomida festivalda 5 mingdan ziyod kishi ishtirok etdi. Ular orasida 3 yoshli bolalardan tortib, 80 yoshlik otaxonlargacha bor edi. Festival muvaffaqiyatini ishtirokchilar qoldirgan sharhlaridan ham bilib olish mumkin. Bolalar va kattalar maxsus stendda festival haqidagi o‘z fikrlarini qoldirdilar.

 

Shuningdek, festival doirasida Toshkent shahridagi Inha universiteti va Janubiy Koreyadagi Inha universiteti hamkorlikda matematikaga oid kitob chop etdi. Kitobga festival doirasidagi hamma mashqlar va vazifalar kiritilib, festivalga kelgan matematika o‘qituvchilariga taqdim etildi.

Kitobning elektron variantini Toshkent shahridagi Inha universiteti saytidan ko‘chirib olish mumkin (o‘zbek va ingliz tilida). Festival barcha qatnashchilarga matematika ajoyibotlarini ko‘rish va turli matematik eksponatlarni o‘z qo‘llari bilan yaratishga imkoniyat yaratib berdi.