Fan-texnika | 19:43 / 16.01.2016
15365
2 daqiqa o‘qiladi

18:00dan so‘ng ishlashga qo‘ymaydigan ofis

Niderlandiya poytaxtida joylashgan Heldergroen dizayn studiyasining ofisi antiqa xususiyatga ega. Xona, barcha idoralar singari, stollar, o‘rindiqlar, kompyuterlar va boshqa zaruriy ashyolar bilan jihozlangan. U yerda kuni bilan ish qiziydi. Lekin roppa-rosa soat 18:00 da stollar ustidagi kompyuterlar va hujjatlar bilan birgalikda shiftga qarab ko‘tariladi. Ofis bir lahzada yoga zaliga, raqs maydoniga yoki boshqa ko‘ngilochar muassasaga aylanib qoladi.

Bu “mo‘'jiza”ning siri shundaki, dizayn studiyasining ofisi eski shokolad fabrikasining binosida joylashgan. Shokolad ishlab chiqarishdan qolgan uskunalar yordamida dizaynerlar mana shu kichkina “mo‘'jiza”ni yaratishgan. Stollar va o‘rindiqlar maxsus po‘lat simlarga ulangan bo‘lib, belgilangan vaqtda dastgoh yordamida tepaga ko‘tariladi.

Dizaynerlar bu tajribani faqatgina o‘z xodimlarining bo‘sh vaqtlari ko‘proq bo‘lishi uchun o‘tkazmayapti. Ularning fikricha, bu biznes yurituvchilarga ofis ijarasi masalalarini hal qilishga yordam berishi mumkin: binoda ertalab bitta tashkilot ishlashi, kechasi uning barcha ashyolari va hujjatlari shiftga “berkitilib”, shu tariqa boshqa tashkilotning faoliyatiga joy bo‘shatib berilishi mumkin. Ertalab xona hujjatlar bilan ishlash yoki mijozlarni qabul qilishga mo‘ljallansa, kechki payt uni sport zaliga yoki diskotekaga aylantirish mumkin bo‘ladi.