O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
“Kitob olami” markazida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Hilol-nashr” nashriyotida chop etilgan “Mehmon tuyg‘ular”, “Falak”, “Zulmat saltanati” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yozuvchi va kitobxonlar ishtirok etgan uchrashuv mazmunli o‘tdi. Tohir Malik muxlislarning savollariga atroflicha javob berdi. Uchrashuv so‘nggida eng yaxshi savol egalariga muallifning sovg‘alari taqdim etildi.
Qadriyat.uz saytida keltirilishicha, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Mehmon tuyg‘ular” kitobiga jamlangan falsafiy fikrlarning ayrimlari bilan muxlislar «Iymonlashish umidi», «Tosh qalblarga nazar solinmas» kabi to‘plamlari orqali tanishgan bo‘lishlari mumkin. Mazkur kitobni nashrga tayyorlashda adib ko‘p yangiliklar kiritdi. Dunyoni tushunishga xizmat qiluvchi yangi hikmatlar bilan boyitdi. Yozuvchi hayot falsafasiga doir kuzatishlari, fikrlarini to‘ldirgan bu to‘plam ham kitobxonlarni befarq qoldirmaydi.
“Falak” asarlar to‘plamiga adibning fantastika tarzida va tarixiy yo‘nalishda yaratgan asarlari kiritildi. Mazkur asarlar turli yillarda yozilgan bo‘lsa-da, bu to‘plamga tartib berish jarayonida tahrirlar, tuzatishlar va ko‘shimchalar kiritildi.
“Zulmat saltanati” kitobida adib bizlarni eng yomon illat haqidagi suhbatga chorlaydi. Hech birimizga sir emaski, mayxo‘rlikka, giyohvandlikka berilganlar, adashgan bandalar orasida o‘zimiz uchun eng ardoqli bo‘lmish insonlar – birovimizning ota-onamiz, birovimizning og‘a-inilarimiz, yana birovimizning farzandimiz, yaqin yoki uzoqroq qarindoshimiz, qo‘shnimiz, hamkasbimiz... ham bor. Ehtimol ular hidoyatdan adashganlarini bilarlar, ehtimolki, bilmaslar. Bilmaganlarga bildirib qo‘yish vazifamiz emasmi? Ehtimol ular jaholat va gunohlar jaridan qutulmoqchilaru ammo to‘g‘ri yo‘lga chiqishga kuchlari yetmayotgandir. Ularga yordam qo‘lini uzatib, iymonsizlikdan qutulishga ko‘maklashish burchimiz emasmi?
Suratlar manbasi: Qadriyat.uz