Jamiyat | 22:41 / 11.02.2016
16003
3 daqiqa o‘qiladi

Yakutsk aholisi WhatsApp yordamida 50 darajali sovuqda qirg‘izistonlik xurmo sotuvchisini mushkul vaziyatdan qutqarib qolishdi

Rossiyaning Yakutsk shahri aholisi 50 darajali sovuqda qirg‘izistonlik tadbirkorning mushkul vaziyatdan chiqishida yordam berishdi. Yakutskka xurmo olib kelayotgan qirg‘izistonlikning yuk mashinasi yo‘lning eng oxirida buzilib qoldi va sovuqda qolib ketishiga to‘g‘ri keldi. Bu orada undagi xurmo sovuqdan yaxlab qoldi va shaharning ulgurji savdo tarmoqlari yaxlab qolgan xurmoni qabul qilishni rad etishdi.

Shunda Yakutskning befarq bo‘lmagan aholisi WhatsApp messenjeri orqali qirg‘izistonlikka yordam berishni so‘rab xabar tarqata boshladilar. "Trud ko‘chasida yuk mashinasi turibdi va unda xurmoning 5 xil turi sotilmoqda, biroq yaxlab qolgan, ammo juda shirin – bir kilosi 100 rubldan. Sotuvchi o‘zga yurtlik, yo‘lda mashinasi buzilib qolgan. Hamma mahsuloti yaxlab qolgan. Ulgurji savdogarlar xurmoni qabul qilishdan bosh tortishgan. Erkak nochor holatda, mashinada yashamoqda, issiqlik pushkasida isinmoqda, uyiga keta olmayapti. Keling erkakka mahsulotini sotishga yordam beramiz", deyilgan xabarda.

Shundan keyin yakutskliklar 50 darajali sovuqqa qaramay shaharning chekkasida joylashgan Trud ko‘chasiga kelib, barcha xurmoni tezda sotib olishdi. "Xurmo muzlagandan keyin yanadayam shirinroq bo‘larkan", deb o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdilar yakutskliklar.

"Avval spam deb o‘yladik, borib qarasak haqiqatan ham muzlab qolgan fura turibdi. Haydovchiga rahmimiz keldi, muzlab qolgan, biroq xurmosini sotib turibdi", deb yozdilar guvohlar.

Qirg‘izistonlik erkak shunday sovuq shariotga qaramay, shaharda "qaynoq yurakli" odamlar yashashini aytib, ularga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. "Men o‘z mahsulotimni sota olmayman, hammasini tashlashga to‘g‘ri keladi, deb o‘ylagandim. Biroq mashinam buzilib qolgandan keyin bor-yo‘g‘i ikki soat o‘tib, oldimga odamlar kelib xurmoni sotib olishni boshladilar. Birozdan keyin umuman navbat yuzaga keldi. Uch kun ichida men barcha mahsulotni sotib bo‘ldim. Hozir 40 tonnalik mashinamni ta'mirlashga berib qo‘ydim. Hammasi WhatsApp deb yaxshilik bilan yakunlandi. Keyin bilishimcha, odamlar o‘zlari menga yordam berish haqida xabar tarqatishgan ekan va yana ustaxona topishga ham yordam berishdi", deb aytmoqda qirg‘izistonlik.

Yoqutiston aloqa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, respublikaning 90 foiz aholisi yoki 800 ming kishi WhatsApp messenjerining faol foydalanuvchilari hisoblanadilar.

"WhatsApp Yoqutistondagi eng ommaviy aloqa turi hisoblanadi. Qizig‘i, undan ko‘proq keksa yoshdagilar foydalanadilar. Ko‘plab tumanlar aholisi televizor ko‘rmaydilar, yangiliklar saytini o‘qiydilar va vatsap orqali yangiliklardan xabardor bo‘ladilar", deb aytmoqda respublikaning aloqa vaziri Aleksandr Borisov.