Sport | 09:51 / 22.02.2016
5152
1 daqiqa o‘qiladi

Teves «Nyuells Old Boyz»ning yosh darvozaboni jag‘ini sindirib qo‘ydi

«Boka Xuniors» jamoasida to‘p surayotgan argentinalik taniqli futbolchi Karlos Teves Argentina chempionatining 4-turida «Nyuells Old Boyz» jamoasiga qarshi uchrashuvda (4:1) raqiblarning yosh darvozaboni Luis Unsaynga og‘ir jarohat yetkazdi.

Vaziyatlardan birida, o‘yinning birinchi taymi vaqtida «Yuventus»ning sobiq hujumchisi 20 yoshli darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib boradi va uning yuziga tizzasi bilan zarba beradi.

To‘qnashuv natijasida Unsayn yuzining 2 qismidan jarohat olgan, shifokorlar uning jag‘i singanini qayd etishgan. Lekin u operatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan va 45 kundan keyin maydonga qaytishi mumkinligi aytilgan.

Teves bu o‘yindagi gollarning biriga mualliflik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Teves o‘tgan yilning sentabrida “Arxentinos Xuniors”ning 21 yoshli futbolchisining oyog‘ini sindirib qo‘ygandi.