O‘zbekiston | 15:20 / 28.02.2016
22322
3 daqiqa o‘qiladi

Angren-Pop temir yo‘l liniyasidagi 19 kilometrlik tunnelning burg‘ulash, kovlash ishlari yakunlandi

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yangi yo‘llarni qurish orqali transport yo‘laklarini kengaytirish, yagona milliy temir yo‘l tizimini shakllantirish taraqqiyotning muhim va strategik yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan respublikamizda bunyod etilgan ikkita yirik temir yo‘l magistrali — “Navoiy — Uchquduq — Sultonuvaystog‘ — Nukus” hamda “Toshguzar — Boysun — Qumqo‘rg‘on” liniyalari, mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy hayotining yuksalib borayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
So‘nggi yillarda temir yo‘l tarmog‘ida o‘nlab yirik investitsion loyihalar foydalanishga topshirildi va bugungi kunda ham investitson loyihalar ustida ishlar davom etayapti. Bunday loyihalarning foydalanishga topshirilishi respublikamiz aholisi uchun juda katta ahamiyatga ega.

Ana shunday loyihalardan biri bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan Angrendan Popgacha qurilayotgan elektrlashtirilgan temiryo‘l liniyasidir.

19 kilometrlik temir yo‘l tunnelini o‘z ichiga olgan mazkur ulkan loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining tajribali va malakali temiryo‘lchilari tomonidan Xitoyning “China Railway Tunnel Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Bu tunnel qurilishi murakkabligi bo‘yicha jahonda birinchi sakkiztalikdan, uzunligi bo‘yicha 13 talikdan joy olgan, MDH mamlakatlaridagi yagona noyob qurilish inshooti hisoblanadi.
Bugun Qamchiq tuneli qurilishida juda katta tarixiy voqeaning guvohi bo‘lindi. Asosiy tunnelning ikkala tomonidan burg‘ulash, kovlash ishlari tugatilib, tutashtirildi.
Ayni kunda esa pardozlash ishlari davom etayapti. Bugungi kungacha tunnelning 85 foizida pardozlash ishlari bajarildi. Ha demay tajribali temiryo‘lchilarimiz tunnelda po‘lat izlar yotqizish va elektrlashtirish, kommunikatsiya ishlarini ham boshlab yuboradilar.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, uzunligi 123,1 kilometrdan iborat bo‘lgan mazkur loyihaning tunneldan tashqari 104 kilometrida barcha qurilish ishlari 2015 yil avgust oyining so‘nggi kunlarida to‘liq tugatilgan edi, deb yozadi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ axborot xizmati.

Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Zafar Arslonov tunnelning ochilish marosimida ishtirok etib, marosimdan olingan suratlar bilan o‘rtoqlashdi. Uning yozishicha, tadbirda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ rahbariyati, Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Sun Litsze, Namangan viloyat hokimi X.Bozorov va boshqa yuqori martabali mehmonlar qatnashgan. Mehmonlar Angren-Pop temir yo‘l liniyasida joylashgan ushbu 19 kilometrlik tunnelni boshidan oxirigacha kesib o‘tishgan.