Sport | 12:05 / 04.03.2016
13884
3 daqiqa o‘qiladi

Ruslan Chagayev: Ringda Braunning g‘alaba haqidagi orzusini chippakka chiqaraman

5 mart kuni superog‘ir vazn toifasida Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA)ning muntazam chempioni hisoblangan o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev Grozniydagi "Axmat Arena"da avstraliyalik "Katta dada" laqabli Lukas Braunga qarshi jang o‘tkazadi. Ushbu munosabat bilan kecha, 3 mart kuni Grozniy shahridagi "Kolizey" sport saroyida maxsus matbuot anjumani uyushtirildi.

"U qiyin raqib, uning yaxshi zarbasi bor. Lekin barchasini ringda ko‘ramiz. Barchasi reja bo‘yicha ketmoqda, ammo albatta o‘z rejam haqida hozir sizga ayta olmayman", deydi Chagayev jang oldidan.

O‘z navbatida uning raqibi g‘alabadan boshqa natija haqida o‘ylamayotganini bildirgan. "Men 12 raundlik jangga tayyorman, ammo bu jangni ertaroq tugatish haqida ham o‘ylayapman", deydi u.

"Hech kim ringga yutqazaman deb chiqmaydi, bu aniq. Lekin men ringda uning fikrini o‘zgartiraman", deydi o‘zbekistonlik bokschi unga javoban.

U shuningdek, raqibning bo‘yi uzunligi o‘zi uchun muammo tug‘dirmasligi haqida aytib o‘tgan. "Kattami, kichikmi bu uncha ahamiyatli emas. Ringga ko‘tarilib, bir necha zarba bilan bo‘yi baland raqibning bo‘yini pasaytirib qo‘yish mumkin", deb qo‘shimcha qiladi u.

Ma'lumot uchun, 37 yoshli Chagayev hisobida hozirgi kunga qadar 34 g‘alaba (ularning 21 tasida nokaut bilan g‘alaba qozongan), 2 mag‘lubiyat va 1 durang bor. 36 yoshli Lukas Braun esa 23 g‘alabaga erishgan bo‘lib, ularning 20tasida raqiblarini nokaut qilgan.

Ruslan Chagayev 1,5 yil oldin aynan Grozniyda, 35 ming muxlis bilan to‘lgan "Axmat-Arena"da Fres Okendoni yenggandi.

Ruslan Chagayev Lukas Braunga qarshi jangda g‘alaba qozongan holda Fres Okendoga qarshi ringga ko‘tarilishi ko‘zda tutilgan.

5 mart: Ruslan Chagayev Lukas Braunga qarshi

WBA o‘ta og‘ir vazn toifasida Ruslan Chagayev ishtirokida turnir tashkil qilmoqchi