Shaxsiy avtomobilda yuk va odam tashishim mumkinmi?
Savol: Andijondan Toshkentga tirikchilik yuzasidan avtomobilimda xaridorlarimning bozorlardan sotib olgan tovarlarini ular aytgan manzilga olib borib beraman. Qaytishda odam olib kelaman. Yo‘lda meni militsiya xodimlari ta'qib qilib, avtomobilimni obdon tekshirib chiqishadi. Mashinamni tintuv qilib tovarni ichki ishlar bo‘linmasiga olib ketishmoqchi bo‘lishadi. Tovar, asosan, O‘zbekistondagi xususiy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgani bois menda tovar uchun hujjat yo‘q. Men oddiy haydovchiman, xolos. Shunda men nima qilishim kerak? Militsiya tovarlarni olib qo‘yishga yoki hujjatlarini so‘rashga haqqi bormi?
Javob: “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 13-moddasida avtomobilda tashishlar tashuvchilar tomonidan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu qonunning 15-moddasida yo‘lovchilar, bagaj va yuklar tashish shartlari va tomonlarning javobgarligini nazarda tutuvchi tashish shartnomasi asosida tashilishi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 711-moddasi 1-qismida yuk tashish shartnomasi tushunchasi berilgan bo‘lib, unda yuk tashish shartnomasi bo‘yicha yuk tashuvchi yuk jo‘natuvchi tomonidan o‘ziga ishonib topshirilgan yukni belgilangan manzilga yyetkazib berish va uni olishga vakolat berilgan shaxsga (oluvchiga) topshirish, yuk jo‘natuvchi esa yukni tashib berganlik uchun belgilangan haqni to‘lash majburiyatini olishi belgilab qo‘yilgan. 2-qismida esa yuk tashish shartnomasi tuzilganligi tegishli transport ustavi yoki kodeksida nazarda tutilgan hujjat (transport yukxati, konosament yoki yukka doir boshqa hujjat)ni tuzish va uni yuk jo‘natuvchiga topshirish yo‘li bilan tasdiqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 14 iyundagi 138-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Nizom umumiy qoidalarining 2-bandida tijorat asosida amalga oshiriladigan yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati litsenziyalanishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, tijorat asosida yo‘lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyati yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu nizomga asosan, jismoniy shaxs daromad ko‘rish maqsadida odam va yuk tashishi qonunga xilof hisoblanadi. Ya'ni, bunday faoliyat bilan shug‘ullanish uchun yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishingiz va ruxsatnoma (litsenziya) olishingiz kerak.
Lisenziya olish tartibi yuqorida ko‘rsatilgan Nizomda tushuntirilgan. Unga ko‘ra, litsenziya:
O‘zbekiston Respublikasida yo‘lovchilar va yuklarni shaharlararo va xalqaro tashishlar bo‘yicha — O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan;
Yo‘lovchilar va yuklarni shaharda, shahar atrofida tashishlar bo‘yicha (Toshkent shahrida va Toshkent viloyati shaharlarida yo‘lovchilarni tashish bundan mustasno) — Agentlikning hududiy bo‘limlari tomonidan;
Toshkent shahrida yo‘lovchilarni shaharda tashish bo‘yicha — Toshkent shahar hokimligining Yo‘lovchilar tashish transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti tomonidan (Toshkent shahrida taksichilik qilish tartibi haqida bu yerda o‘qing);
Toshkent viloyati doirasida yo‘lovchilarni shaharda va shahar atrofida tashish bo‘yicha — Toshkent viloyati hokimligining Yo‘lovchilar tashish transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti tomonidan qabul qilinadi.
Avtomobil transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish huquqi uchun namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
Lisenziya talabgorining arizasiga ko‘ra litsenziya umuman faoliyat turiga yoxud uning quyidagi qismlariga beriladi:
a) yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslarda tashish;
b) yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha
mikroavtobuslarda tashish;
v) yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha yengil avtomobillarda tashish;
g) yo‘lovchilarni shaharda avtobuslarda tashish;
d) yo‘lovchilarni shaharda mikroavtobuslarda tashish;
e) yo‘lovchilarni shaharda yengil avtomobillarda tashish;
j) yo‘lovchilarni shahar atrofida avtobuslarda tashish;
z) yo‘lovchilarni shahar atrofida mikroavtobuslarda tashish;
i) yo‘lovchilarni shahar atrofida yengil avtomobillarda tashish;
k) yo‘lovchilarni shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslarda tashish;
l) yo‘lovchilarni shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha mikroavtobuslarda tashish?
m) yo‘lovchilarni shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha yengil avtomobillarda tashish;
n) yo‘lovchilarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslarda tashish;
o) yo‘lovchilarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha mikroavtobuslarda tashish;
p) yo‘lovchilarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha yengil avtomobillarda tashish;
r) yuklarni avtomobil transportida shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish;
s) yuklarni avtomobil transportida shaharda tashish;
t) yuklarni avtomobil transportida shahar atrofida tashish;
u) yuklarni avtomobil transportida shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha tashish;
f) yuklarni avtomobil transportida xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish.
Lisenziya 5 yil muddatga beriladi. Lisenziyaning amal qilishi litsenziya berilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Lisenziya bilan birga har bir avtotransport vositasiga litsenziya kartochkasi beriladi.
Har bir avtotransport vositasiga litsenziya kartochkasi litsenziyaning amal qilish muddatidan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi. Agar ashyoviy huquqlarning yoki ijara shartnomasining amal qilish muddati litsenziyaning amal qilish muddatidan kam bo‘lsa, litsenziya kartochkasining amal qilish muddati ashyoviy huquqlar yoki ijara shartnomasining amal qilish muddati bilan cheklanadi. Lisenziya kartochkasining amal qilishi litsenziya kartochkasi berilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Lisenziatning litsenziya kartochkalari bilan ta'minlanmagan avtomobil transporti vositasidan foydalangan holda olgan daromadi (foydasi) noqonuniy hisoblanadi va qonun hujjatlariga muvofiq byudjyetga olib qo‘yilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248-moddasida Ichki ishlar organlari ko‘rib chiqishi mumkin bo‘lgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, ushbu kodeksning 1251-moddasida belgilangan yuk tashish qoidalarini, shatakka olish qoidalarini buzish huquqbuzarligini yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (Bosh boshqarmasi) boshlig‘i, uning o‘rinbosari, yo‘l-patrul xizmatini tashkil etish va muvofiqlashtirish hamda ma'muriy amaliyot bo‘limi boshlig‘i, uning o‘rinbosari, alohida muhim ishlar bo‘yicha inspektor (ma'muriy amaliyot bo‘yicha inspektor), ma'muriy amaliyot bo‘linmasi (bo‘limi) boshlig‘i, uning o‘rinbosari, ma'muriy huquqbuzarliklarga doir materiallarni ko‘rib chiqish bo‘yicha katta inspektor (inspektor), ular yo‘qligida esa ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari ko‘rib chiqishi mumkin.
Yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo‘lsak, ichki ishlar organlari xodimlari yuklarning hujjatini so‘rashi mumkin. Agarda sizda ularga tegishli hujjat bo‘lmasa, ichki ishlar organi xodimi tegishli tartibda dalolatnoma tuzib yuklarni olib qo‘yishi mumkin. Siz mijozlardan olgan yuklarni doimiy ravishda tashib yursangiz, bu faoliyat uchun ruxsatnoma talab qilinadi. Agar sizda litsenziya bo‘lmasa, sizning yuklarni tashib ko‘rsatilgan manzilga yyetkazib berish faoliyatingiz noqonuniy hisoblanadi va ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1251-moddasida ko‘rsatilgan javobgarlikni keltirib chiqaradi. Siz militsiya xodimlaridan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni so‘rashga, tuzilayotgan dalolatnomaga o‘z e'tirozlaringizni bildirishga haqlisiz.
Manba: Carzone.uz