Jahon | 10:31 / 07.03.2016
4238
2 daqiqa o‘qiladi

Apple kompyuterlari birinchi marta virus bilan zararlandi

Kiberjinoyatchilar o‘tgan dam olish kunlari Apple kompaniyasining Mac kompyuterlariga KeRanger nomli zararli dastur yordamida hujum qilishgan. Bu dastur ma'lumotlarni shifrlab, ularni asl holiga qaytarish uchun pul talab qiladi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.

Palo Alto Networks Inc. mutaxassislari ma'lumotlariga ko‘ra, bu holat Mac kompyuterlari foydalanuvchilariga hujum qilingan birinchi holatdir. Xakerlar ommaviy Transmission BitTorrent-mijozini zararlashgan va foydalanuvchilar bu dasturning 2.90 raqamli versiyasini ko‘chirib olishganda kompyuterlari zararli dastur bilan zararlangan.

Ta'kidlanishicha, zararli dastur kompyuterda paydo bo‘lgandan keyin 3 kun o‘tib foydalanuvchi ma'lumotlarini shifrlashni boshlaydi va ularni asl holiga qaytarish uchun 400 dollar miqdorida kriptovalyuta talab qila boshlaydi.

Apple vakilining aytishicha, kompaniya virusning keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun choralar qabul qilmoqda. Shuningdek, bu zararli dasturni o‘rnatishga imkon bergan raqamli sertifikat chaqirtirib olingan. O‘z navbatida, Transmission yaratuvchilari dasturning yangi va virusdan tozalangan versiyasini chiqardilar.

KeRanger virusi "ransomware" turidagi zararli dasturlar qatoriga kirib, uning nomi inglizcha «ransom» (tovon puli) va «software» (dastur) so‘zlaridan tuzilgan.