Sport | 14:58 / 30.03.2016
3052
2 daqiqa o‘qiladi

Misrliklar Messi tomonidan haqoratlanganliklarini aytishmoqda

"Barselona" jamoasining argentinalik futbolchisi Lionel Messi "tarixiy mojaro" markazida qoldi.

U MBC MASR telekanaliga bergan intervyusidan keyin bir qator misrliklarning g‘azabli munosabatlariga duchor bo‘ldi.

Gap shundaki, futbolchi intervyuda o‘z butsalarini kimoshdi savdosiga qo‘yib, undan tushgan mablag‘ni Misrda xayriya ishlari uchun taqdim etish niyatida ekanini bildirgandi.

Ahram Online nashrining yozishicha, uning gaplari bir qancha misrliklarning hamiyatiga tekkan va ular o‘zlarini Messi tomonidan haqoratlangandek sezishmoqda.

"Biz 7 ming yillik sivilizatsiyamiz davomida hech qachon bunday haqoratlanishga uchramagandik. Men o‘z tuflim bilan sening ta'ziringni berib qo‘yaman, Messi. Mana mening tuflim, uni Argentinaga xayriya qilmoqchiman", – deydi Misr parlamenti a'zosi Said Asasin mahalliy televideniya efirlardan biri orqali.

Misr futbol assotsiatsiyasi matbuot kotibi Azmi Megahed ham Messi gaplaridan noroziligini bildirib o‘tgan.

"Bizning nochorlarga Messi kerak emas. Butsalar futbol o‘ynash uchun chiqarilgan. Men juda ranjidim. U ushbu ishorasi bilan bizni kamsitishni niyat qilgan bo‘lsa, butsalarini o‘zining boshiga yoki uni qo‘llab-quvvatlaydiganlarning boshiga kiydirish kerak. Bizga uning butsalari kerak emas. Bizga uning xayriyasi kerak emas, uningdek insonparvar yahudiy bizga kerak emas. Butsalaringni argentinaliklarga ber, u yerda kambag‘allar to‘lib ketgan", – deydi Azmi Megahed.

O‘z navbatida, misrliklar orasida Messining yonini olib chiqqanlar ham bo‘ldi. Xususan, sobiq futbolchi, hozirda murabbiy sifatida faoliyat yuritayotgan Mido tvitterda bu haqda yozdi.

"Yozuvchining eng qimmatbaho ashyosi – qalam, futbolchining eng qimmatbaho buyumi esa butsasi hisoblanadi", – deydi u.