O‘zbekiston | 12:26 / 31.03.2016
3046
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona prokurori viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi

Bahodir Po‘latov Farg‘ona viloyat hokimining ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bungacha u Farg‘ona viloyati prokurori lavozimida ishlab kelayotgandi.

Hokimlik saytida ma'lum qilinishicha, uning nomzodi 26 mart kuni xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashining navbatdan tashqari 11-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev tomonidan tavsiya etilgan va nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan ma'qullangan.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 24 fevraldagi qarori bilan viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimiyatlarining boshqaruv apparatining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi. O‘zgarishlarga ko‘ra, viloyatlar va poytaxt hokimlari o‘rinbosarlari soni hokimning ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimining joriy etilishi hisobiga besh nafardan olti nafarga oshirildi.