Jahon | 09:50 / 01.04.2016
2423
2 daqiqa o‘qiladi

Itlar samolyotni boshqarishga o‘rgatildi

Internetda Dogs Might Fly (itlar ucha oladi) britan realiti-shousining yakuniy sonidan olingan parchalar paydo bo‘ldi, deb xabar bermoqda Daily Mail nashri.

YouTube’da Sky 1 telekanali tomonidan joylashtirilgan rolikda it murabbiy buyrug‘iga ko‘ra samolyotni boshqarayotganining guvohi bo‘lish mumkin.

Ushbu videoning qahramoni Shedou laqabli it bo‘ldi. Ma'lum qilinishicha, shou mutaxassislari tomonidan priyutlardan tanlab olingan 12 nafar ishtirokchi itdan yana ikkitasi – Reggi va Alfi laqabli itlar samolyotni havoda boshqarishga qo‘yildi.

Dogs Might Fly shousi itlarni "uchishga" o‘rgatishga qaratilgan edi. Ta'kidlanishicha, itlar it o‘rgatuvchining buyruqlariga ko‘ra samolyotni boshqaradilar, samolyotning boshqaruv qurilmalari esa ularning panjalariga moslashtirilgan.

"Odamzodning do‘stlariga" samolyotni uchirish va qo‘ndirishga ishonch bildirilmagan bo‘lsa-da, ular havoda ba'zi uchuvchilik harakatlarini amalga oshirayotganlarini ko‘rish mumkin.

Shou yaratuvchilari itlarning o‘rganishga qobiliyatlarini tadqiq qilish va tashlab ketilgan itlar qanchalik aqlli ekanini ko‘rsatishni o‘zlari oldilariga maqsad qilib qo‘ygandilar.

Dogs Might Fly shousi Yangi Zelandiyada yaratilgan, itlar mashina haydashga o‘rgatilgan shouning davomi bo‘ldi. Ma'lum qilinishicha, yangi shou jamoasiga avvalgi shoudagi mutaxassislar kiritilgan.