Jamiyat | 18:28 / 05.04.2016
3272
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda yirik uyushgan jinoiy guruh ustidan hukm o‘qildi

Rossiya Federatsiyasi fuqarolari Aleksandr Chernetsov va Andrey Markelov O‘zbekistonda noqonuniy biznes bilan shug‘ullanib, mo‘may daromad orttirmoqchi bo‘lishdi. Bu haqda “Darakchi” nashri yozmoqda.

Ular mamlakatimizning sobiq fuqarosi ayni paytda Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bo‘lgan Freyman ismli kimsaning tavsiyasiga ko‘ra, o‘z guruhlariga samarqandlik Yelena Tirinani ham jalb qilishadi.

Ye.Tirinaning bevosita rahbarligi ostida noqonuniy xalqaro aloqa kanallari tashkil etish bo‘yicha biznes yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun ular yurtimizga qonunga xilof ravishda olib kirilgan maxsus texnologiyalar va qurilmalardan foydalanishgan.
Uzun tashlangan arqon va unga ilinganlar

Guruhdagi asosiy shaxs Vladimir Dauze Ye.Tirinaning topshirig‘iga asosan mazkur texnikalarni o‘rnatish, dasturlash va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullangan. Texnikalarni joylarga, o‘z egasiga yetkazib berish Aleksandr Abdurahimovning chekiga tushgan.

Guruhning yana bir a'zosi “Fortuna blagorodiya”MChJ muassisi Kamilla Basmanova “marketing tadqiqotlari o‘tkazish, savdo faoliyati va konsalting xizmatlari ko‘rsatish” niqobi ostida O‘zbekistondagi internet provayderlari bilan soxta shartnomalar tuzgan.

Jinoiy guruhga “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK xodimlari Davron Yakubov va Xayriddin Nasriddinov ham qo‘shiladi. Ular taqiqlangan tovarlarni Toshkentga, A.Abdurahimovga yetkazib turishgan.

O‘zbekiston bo‘ylab “bo‘y ko‘rsatgan” vakillar

Jinoiy guruhning faoliyati respublika bo‘ylab tarqaldi: Xorazm vohasida Timur Matrasulov, Nukusda Aleksandr Pak, Buxoroda ota-bola Imomovlar jinoyatchilarga qo‘shilishdi.
Jinoiy guruhning yana bir a'zosi Mariya Xvan soxta abonent hujjatlarini tayyorlagan, soxta ulanishlarni rasmiylashtirgan. Shu tariqa rasmiylashtirilgan sim-kartalar soni 2117 taga yetgan.

Yirik hisobdagi pul jo‘natmalari

Ye.Tirina ushbu sim-kartalardan noqonuniy ravishda foydalanish maqsadida Rossiyadan A.Chernetsov hamda A.Markelov tomonidan yuborilgan mablag‘ning bir qismiga go‘yoki ko‘rsatilgan konsalting xizmatlari va foydalanilgan to‘lovlarni amalga oshirgan. Shu tariqa A.Chernetsov va Merkelov guruhi hamda ularning yaqinlari nomidan jinoiy faoliyatni amalga oshirish maqsadida Western Union xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi orqali uyushgan jinoiy guruh a'zolari uchun 548,580 AQSh dollari miqdorida pul jo‘natilgan.

Bu jinoiy to‘daga soxta hujjatlar tayyorlash va moliyaviy nayranglarni o‘rganib olgan Verbatim ilmiy-ishlab chiqarish va savdo korxonasi direktori Zafar Umarov va uning hisobchisi Liya Kogan ham kirib keldi. Ye.Tirinaning tavsiyasiga ko‘ra, ular internet tarmog‘i VPN IP — telefoni orqali telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish yuzasidan East Telekom MChJ qo‘shma korxonasi bilan soxta shartnoma imzolashgan.
Tergov davomida jinoiy guruh a'zolari 15 ta firma orqali pullar naqdlashtirilgani va soxta hujjatlar rasmiylashtirilgani ma'lum bo‘ldi.

Hukm

Sud majlisi davomida jinoyatchilar o‘z ayblarini tan olishdi va pushaymonlik bildirishdi. Odil sud uch nafar ayol — Ye.Tirina, K.Basmanova va L.Koganga nisbatan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi harakatdan to‘xtatildi. Amnistiya aktiga asosan, Verbatim korxonasi direktori Z.Umarov eng kam ish haqining 320 baravari miqdorida jarimaga tortildi.

V.Dauze, A.Abdurahimov, T.Matrasulov, ota-bola Imomovlar ham O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining bir qator moddalariga binoan aybdor deb topildi. Ularning har biri oylik ish haqining 20 foizini ushlab qolish sharti bilan axloq tuzatish ishlariga jalb qilindi.