Jamiyat | 12:50 / 07.04.2016
4690
5 daqiqa o‘qiladi

Ota-ona farzandining so‘nggi daqiqalarini suratlarda aks ettirdi

Shu yilning yanvarida sidneylik suratkash Jyeyms Dey Nensi va Charli Maklinning to‘y tantanasiga taklif qilindi. Maklin xonim homiladorligining yettinchi oyi edi, suratlardan farzandini intizorlik bilan kutayotgan juftlikning munosabatlari naqadar nozikligini sezish qiyin emas.

Ikki oydan keyin yana shu juftlikni suratga olishga kelishi Jyeymsning xayoliga ham kelmagandi. Faqat bu safar hammasi boshqacha...

"Ularning nikoh marosimi barchaniki kabi kechmadi. U ko‘proq teatr tomoshasiga o‘xshardi, qirol saroyidagi haqiqiy bal! So‘z bilan ta'riflab bo‘lmaydigan hislar!" - deb yozgandi suratkash ijtimoiy tarmoqdagi blogida.

"Nensining qornidagi bola ham xuddi sodir bo‘layotgan voqealarni anglagandek faol edi. Bularning barchasini kuzatish kishiga zavq bag‘ishlardi".

Ikki oy o‘tib, 23 mart kuni Jyeymsning telefoniga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Keyin nimalar yuz bergani u uchun umuman kutilmagan hodisa bo‘ldi.

"Charli va Nensi qo‘ng‘iroq qilishdi, mendan Rendvikka - Qirollik ayollar shifoxonasiga kela olish-olmasligimni so‘rashdi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning ahvoli og‘ir bo‘lib, ular farzandi bilan judolashayotgan edilar", - deydi Jyeyms.

"Men darhol ularning yoniga yetib bordim, nimalardir demoqchi bo‘ldim, ammo tezda suratga olish kerakligini tushundim, chunki ko‘z oldimda haqiqiy fojia yuz berayotgandi. Bu yerda aytilayotgan so‘zlarni takrorlashning iloji yo‘q - u hissiyotlarni ifodalashga til ojiz!"

Jyeyms Dey kun bo‘yi Maklinlar xonadonida bo‘ldi, ularning yangi tug‘ilgan o‘g‘li - Edison bilan xayrlashuv onlarini suratlarga muhrladi. Har bir kadrda vafot etayotgan bolakayga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbat sezilib turadi.

Edison dastlab hech qanday qiyinchiliklarsiz dunyoga keldi, biroq uch kundan so‘ng unga neketotik giperglitsinemiya - ferment tizimi yetishmasligi bilan bog‘liq nasliy kasallik tashxisini qo‘yishdi. Natijada bolani sun'iy nafas olish apparatiga ulashga to‘g‘ri keldi. Bu ham ota-onasi xayrlashib olishga ulgurishi uchun...

Shunday bo‘lsa-da, bola hammani hayratlantirib mustaqil nafas ola boshladi! U Nensi va Charliga yana ikki kun tuhfa etdi, shu ikki kun ichida juftlik o‘g‘li uchun sohilda "piknik" uyushtirdi va bolakay o‘z o‘rnida yotishi uchun uylariga olib borishdi.

"Bizning farishtamiz tug‘ilganidan 7 kun o‘tib, juma kuni soat 10:25da bu dunyoni tark etdi. To‘liq haftalik bo‘lishiga unga 3 soatgina yetmadi", - deydi Charli Maklin.

"Farzandni yo‘qotishning hech qanday ijobiy tomoni yo‘q, ammo Edison barchamizga ajoyib saboq berdi. Yaqinlaringiz bilan o‘tayotgan har bir soniyaning qadriga yeting, ularni xuddi bu so‘nggi lahzalaridek seving. Ma'lum bir vaqtni kutmang!"

"Edison bizga shifokorlar tashxisidan uch kun ortiq vaqt hadya etdi. Bu vaqt ichida biz u bilan xayrlashib olishga ulgurdik, qo‘limizdan qo‘ymadik. Biz farishtamizni hech qachon unutmaymiz!"

Jyeyms Dey ko‘ngillarni larzaga keltiruvchi rasmni Facebook ijtimoiy tarmog‘iga Edisonning o‘limining keyingi kunida joylashtirdi.

"Men odatda eng muhim onlarni suratga olib odamlar bilan bo‘lishaman, biroq eng muhim onlar har doim ham eng quvonchlisi bo‘la olmas ekan. Bu voqea mening hayotimni o‘zgartirdi", - dedi u intervyuda.

Ushbu suratlarni yuz ming martalab ko‘rishdi va ko‘p insonlar ota-onani qo‘llab-quvvatlovchi izohlar yozib qoldirishdi. Bugungi kunda Maklinlar va ularning oilasi yordamga muhtoj boshqa ota-onalarga pul vositalari yig‘moqda.

"Biz to‘plangan barcha mablag‘larni Edison dunyoga kelgan doyalik dasturiga sarflamoqchimiz. Intensiv terapiya bo‘limida ishlovchi xodimlar bizni doim qo‘llab-quvvatlashdi. Ular o‘g‘limizning yashashga imkoni yo‘qligini bilsalar ham, uni qutqarish uchun qo‘llaridan kelgan ishni qildilar. Biz ulardan Edison bilan xayrlashish imkoni uchun minnatdormiz".

Agar sen ham hayotning har bir lahzasi qadrli deb hisoblasang, bu ajoyib voqea tarixini boshqalar bilan baham ko‘r!