Sport | 20:50 / 08.04.2016
2243
5 daqiqa o‘qiladi

Jizzax futboli atrofidagi qalloblik fosh etildi

Joylarda futbolni rivojlantirish uchun mas'ul etib tayinlangan ayrim amaldorlar xizmat vakolatlarini g‘arazli maqsadlarda suiiste'mol qilayotgani aniqlandi.

O‘zbekiston futbolni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Jizzax filiali ijrochi direktori Baxtiyor G‘afurov, Jizzax futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ergash O‘rinov va ushbu tuzilma mutaxassisi Sahobjon Xo‘jayev ana shunday “uchar”lar toifasidan bo‘lib chiqdi. Bu haqda “Darakchi” nashri yozgan.

Jamg‘armaning Jizzax filiali sportning ushbu turini rivojlantirish uchun davlat organlari va homiy tashkilotlardan har oy katta miqdorda mablag‘ olib turgan.

2010-2011 yillarda filial hisob raqamiga homiylardan 714 mln. so‘m miqdorida pul kelib tushgan. Filial rahbari esa bu mablag‘ning 79 mln. so‘mini o‘zi o‘rindoshlik asosida boshqarib kelgan “So‘g‘diyona” viloyat futbol klubi o‘yinchilariga mukofot sifatida to‘lagan, qolgan 635 million so‘mni mahalliy jamoalar murabbiylarini mukofotlash haqida soxta shartnomalar va avans hisobotlari tuzib, cho‘ntakka urgan.

Aslida na futbolchilar, na murabbiylar bu “mukofot puli” haqida eshitishgan.

Ana shu tizim asosida Baxtiyor G‘afurov 2012 yilda ham 289 mln. so‘m miqdorida noqonuniy daromad qilgan. O‘sha yili u Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rahbariyatini yillik moliyaviy rejadagi 300 mln. o‘rniga 347 mln. so‘mlik homiylik yordami ko‘rsatishga ko‘ndirgan. Tafovutdagi 47 mln. so‘mlik mablag‘ni bank orqali naqdlashtirib, “tuya” qilib yuborgan.

Baxtiyor G‘afurov 2013-2014 yillarda ham mazkur homiy tashkilotni “sog‘ish”da davom etadi. Shu muddat davomida u hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan rejada belgilangan 650 million so‘m o‘rniga 991 million so‘m pul undiradi. Oradagi 341 million so‘m yana “jig‘ildon”ga uriladi.

2013-2014 yillarda jamg‘arma filiali hisobiga yana homiylardan 793 million so‘mlik homiylik mablag‘lari kelib tushadi. Ushbu mablag‘ning 786 million so‘mi soxta hujjatlar va qalbaki imzolar yordamida “o‘zlashtiriladi”.

Jizzax futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ergash O‘rinov 2014 yilda homiylardan viloyat futbol federatsiyasiga kelib tushgan 766 million so‘mning katta qismini “begona” qilmaslik uchun bu mablag‘ni O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Jizzax filiali hisob raqamiga o‘tkazadi.

Filial rahbari esa bu pulni soxta hujjatlar yordamida taqsimlab chiqadi. Qarabsizki, bu pulning 135 million so‘mi “sheriklar”ning cho‘ntagiga tushib turibdi.

E.O‘rinov federatsiyaning korporotiv plastik kartochkasiga 2010-2014 yillarda tushirilgan 70 million so‘mdan ortiqroq mablag‘ning 43 million so‘mi o‘zi va oilasining ehtiyojlari — spirtli ichimliklar, xo‘jalik mollari, dori-darmon, mobil aloqa xizmati uchun sarflab yuborilgan.

E.O‘rinov 2010-2014 yillarda turli futbol musobaqalarida ishtirok etgan sportchilarning plastik kartalariga mukofot puli sifatida tushishi kerak bo‘lgan mablag‘ni o‘zi va sherigining hisobiga “o‘tkazib” yuboradi. Bu ishni xaspo‘shlash uchun esa soxta shartnomalar va vedomostlar tuzib, ularni Ergash O‘rinovning o‘zi musobaqa ishtirokchilarining yasama imzolari bilan to‘ldiradi.

Qilmishlari ochilmay kelayotganidan ruhlangan hamtovoqlar amalda mavjud bo‘lmagan “Oltin to‘p” futbol federatsiyasiga 11,8 million so‘m miqdorida moddiy yordam “ko‘rsatishadi” va buni soxta hujjatlar yordamida rasmiylashtirishadi.

Odil sud sodir etgan jinoyatlari uchun B.G‘afurovni yetti yil, E.O‘rinovni besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. S.Xo‘jayevga nisbatan esa amnistiya akti qo‘llanilib, u ozodlikka chiqarildi.