O‘zbekiston | 16:57 / 10.04.2016
3710
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining navbatdagi majlisi o‘tkazildi

8 aprel kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Kengashining navbatdagi yigirma sakkizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzA xabar qilgan.

Qozog‘iston Respublikasi raisligida tashkil etilgan majlisda Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi vakillari ishtirok etdi.

Majlisda ShHTga a'zo davlatlarning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2013-2015 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish yakunlari va ShHT MATT Kengashi qarorlari ijrosi muhokama qilindi. ShHT Davlat rahbarlari kengashiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladigan ShHT MATT Kengashining mazkur xalqaro tuzilmaning 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma'ruzasi loyihasi ma'qullandi. ShHT MATT faoliyati terrorizm, separatizm va ekstremizm kabi hozirgi kundagi tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi talablarga javob berishi ta'kidlandi.

2014 yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kotibiyati bilan rasmiy aloqalar o‘rnatgan edi. Majlisda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasida sheriklikni yo‘lga qo‘yish maqsadida ShHT MATT va ushbu tashkilot o‘rtasida hamkorlikni nazarda tutuvchi hujjatlar loyihalari ma'qullandi.

2016 yilning IV choragida ShHTga a'zo va kuzatuvchi davlatlar delegatsiyalari ishtirokida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan to‘rtinchi ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazishga kelishildi.