Jahon | 11:00 / 11.04.2016
1944
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti bosh vazir vakolatlarini kengaytirishni taklif etdi

Qirg‘iziston rahbari Almazbek Atambayev Milliy parlament muhokamasiga hukumat rahbarining vazirlarni lavozimidan ozod etish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirish taklifini kiritdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilgan.

Prezident taklifiga ko‘ra, Oliy kengash deputatlari "Qirg‘iziston respublikasi hukumati to‘g‘risidagi" konstitutsion qonundagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etishlari kerak bo‘ladi.

"Mazkur qonunda, bosh vazirning hukumat a'zolarini vazifasidan chetlatish bo‘yicha davlat rahbariga o‘z taklifini kiritish masalasida vakolati asossiz ravishda cheklangan", - deyiladi xabarnomada.

Bir necha kun muqaddam Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariyev transport va kommunikatsiyalar vaziri Arginbek Malabayevni vazifasidan ozod etish bo‘yicha davlat rahbariga taklifini kiritgan edi. Ammo Atambayev buni rad etib, milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limiga bosh vazir hamda vazir o‘rtasidagi ziddiyat sabablarini o‘rganishga ko‘rsatma bergandi.

Malabayevning fikricha, bosh vazir atrofidagi kishilar, Baliqchi-Korumdu avtomobil yo‘lini qayta ta'mirlash uchun tenderda Xitoy kompaniyalaridan birinining nomzodini ilgari surishgan.

O‘tgan hafta shanba kuni esa, parlament maxsus komissiyasi tender mojarosi sababli bosh vazir Sariyevga ishonchsizlik e'lon qilish taklifini bildirgandi.