Jahon | 14:45 / 11.04.2016
2081
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Stavropol o‘lkasida xudkushlar o‘zini portlatdi

Stavropol o‘lkasida jangarilar politsiya bo‘limiga hujum qilishga urinayotganda bartaraf etilgan. Tinch aholi vakillari va huquq-tartibot xodimlari o‘rtasida jabrlangan yoki halok bo‘lganlar yo‘q. Bu haqda TASS axborot agentligi o‘lka IIBB matbuot xizmatiga tayangan holda xabar qilmoqda.

Matbuot xizmati vakilining so‘zlariga ko‘ra, jangarilardan biri politsiya bo‘limi nazorat-o‘tkazuv punktida yo‘q qilingan, ikkinchisi o‘zini portlatib yuborgan. Ayni vaqtda terrorchilarning gumashtalari va jinoyat tashkilotchilarini aniqlash maqsadida "Qal'a" rejasi amalga oshirilmoqda.

Boshqa manbalarning xabar qilishicha, hujum qilganlar soni 4 nafar bo‘lgan, ularning barchasi halok bo‘lgan. Ularning 3 nafari o‘zini portlatib yuborgan bo‘lsa, to‘rtinchisi otib o‘ldirilgan.

Manbaning ma'lum qilishicha, Stavropol o‘lkasi Novoselits rayoni politsiya bo‘limi binosi yaqinida 5 marta portlash ovozi eshitilgan. Hozirda vaziyat nazorat ostida ekani aytilmoqda.

Shu munosabat bilan o‘lkada aksilterror tartibi joriy qilingan. Surishtiruv ishlari boshlab yuborilgan.

29 mart kuni kechasi, "Kavkaz" federal avtoyo‘lining Qorabudaxkent rayonidan o‘tuvchi 869 kilometrida yo‘l chetiga joylangan portlovchi qurilmalar ishga tushirilgan edi. Natijada, huquq-tartibot idoralari xodimlarini olib ketayotgan "Ural" va UAZ "Xanter" avtomashinalari zararlangan, bir nafar politsiya xodimi halok bo‘lgan edi.