Jahon | 19:26 / 15.04.2016
2376
1 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda 16 noyabr Prezident kuni sifatida e'lon qilindi

Tojikistonda bundan keyin har yili 16 noyabr kuni Prezident kuni sifatida nishonlanadi. Bu qaror 15 aprel kuni mamlakat parlamentining quyi palatasi (Majilis namoyandagon) tomonidan qabul qilingan. Deputatlar "Bayram kunlari haqidagi" qonunga tuzatishlar kiritishgan.

Quyi palata raisi Shukurjon Zuxurov bu kunning tanlanishini izohlagan. "1994 yilning 6 noyabrida umumxalq referendumi orqali mustaqil Tojikiston konstitutsiyasi qabul qilingandi. O‘sha kunda mamlakat prezidentligiga saylovlar o‘tkazilgan va prezidentlikka saylangan Emomali Rahmon 16 noyabr kuni vatanga va xalqqa prezident sifatida qasamyod qilgan", deydi Zuxurov.

Uning aytishicha, "bu tarixiy kunga hurmat ifodasi sifatida har yili Tojikiston prezidenti kunini nishonlash kerak".

Ma'lumot uchun, Tojikistonda 79ta bayram kuni bo‘lib, ularda 10tasida dam olish kuni bo‘ladi. Prezident kunida dam olish berilmaydi.