Jahon | 21:56 / 18.04.2016
14904
2 daqiqa o‘qiladi

"Titanik" kemasi real vaqtda cho‘kishining 3 soatlik simulyatsiyasi chop etildi

YouTube videoportalida "Titanic: Honor and Glory" (Titanik: faxr va g‘alaba) o‘yinining rasmiy kanalida real vaqt rejimida mashhur "Titanik" kemasining cho‘kishini ko‘rish mumkin bo‘lgan video joylashtirildi. Kemaning cho‘kishi simulyatsiyasi bu falokatning 104 yilligiga bag‘ishlab tayyorlangan.

Rolik 3 soatga yaqin – aysberg kema yo‘lida paydo bo‘lgandan boshlab to u to‘liq suvga g‘arq bo‘lgungacha davom etadi.

"Titanik" kemasi 1912 yil 14 aprelda o‘zining birinchi reysi vaqtida cho‘kib ketgan. Kema to‘qnashib ketgan aysberg uning o‘ng tomonini 6ta joyidan shikastlagan va bu uning suvga g‘arq bo‘lishiga olib kelgan.

"Titanic: Honor and Glory" kompyuter o‘yinida harakatlar birinchi shaxs nomidan yuz beradi. O‘yinning bosh qahramoni Britaniyada yashovchi amerikalik bo‘lib, unga qotillik va o‘g‘irlik jinoyatlari bo‘yicha soxta ayb qo‘yiladi. U "Titanik"da haqiqiy jinoyatchilarni topishi kerak bo‘ladi. Kema aysberg bilan to‘qnashgandan keyin o‘yinchida bu vazifani bajarish uchun 2 soat 40 daqiqa (kema aynan shuncha vaqt cho‘kkan) vaqt bo‘ladi.