Sport | 19:08 / 25.04.2016
2174
2 daqiqa o‘qiladi

Vitaliy Denisov Moskva ko‘chalarida Tor qiyofasida yurib, muxlislarga chipta ulashdi

O‘zbekiston terma jamoasi va Moskvaning «Lokomotiv» klubi himoyachisi Vitaliy Denisov RFPL 26-tur doirasidagi «Spartak»ka qarshi uchrashuv arafasida kichik aksiya o‘tkazdi va bu derbi bahsi uchun chiqarilgan to‘rt dona chiptani omadli muxlislarga sovg‘a qildi.

«Temiryo‘lchilar» matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, buning uchun muxlislar Moskva markazida sayrga chiqqan Denisovni topishlari kerak bo‘ldi. Chiptani qo‘lga kiritish uchun «faqat «Loko» parolini aytish ham talab etilardi.

Futbolchi shahar markaziga Tor (Denisovning laqabi) qiyofasida kelgan va o‘zini tanib olgan muxlislariga chiptalarni tarqatgan.

"Barcha 4 chipta egalari aniqlandi. Kimki chiptaga ega bo‘la olmagan bo‘lsa, xafa bo‘lishga hojat yo‘q. Istagan kishi Tor bilan suratga tushib va uning imzolari tushirilgan suratlarga ega bo‘ldi. Tadbirda ishtirok etganlarga rahmat", deyiladi jamoaning tvitteridagi sahifasida.

«Lokomotiv» — «Spartak» uchrashuvi 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.