O‘zbekiston | 15:31 / 26.04.2016
4559
2 daqiqa o‘qiladi

26 aprel, tonggi 5:23...

Toshkent, 1966 yil 26 aprel. Soat tonggi 5:23. Barcha sokin uyquda...

Ana shu payt tabiatning vayronkor kuchi bo‘lmish zilzila butun shaharni yakson etdi. Mahallalar, ko‘chalar vayronaga aylandi, odamlar bu voqealarga tushunmay, dahshatdan qotib qoldi...

Episentri Qashqar va Labzak mahallalari o‘rnida qayd etilgan zilzilaning vertikal zarblar kuchi magnitudasi 5,3 ga teng bo‘lib, silkinish 8 ballni ko‘rsatgan. U 10—12 soniya silkinib turgan.

Statistikaga e'tibor qaratiladigan bo‘lsa, 1966 yilning 10 may, 24 may hamda 5 iyun kunlari ham kuchli zilzilalar sodir bo‘lgan.

26 aprel kuni sodir bo‘lgan yer silkinishi natijasida 2 mln. kv. metrdan ziyod turar joy, 236 ta ma'muriy bino, 180 ga yaqin o‘quv yurti, 185 tibbiyot va 245 sanoat korxonasi binolariga zarar yetgan.

78 ming kishi boshpanasiz qolgan, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 8 kishi halok bo‘lgan. Bunga sabab silkinishlarning bo‘ylama bo‘lganligi bilan izohlanadi, bo‘ylama tebranishlarda binolar katta zarar ko‘rmaydi. 200 nafarga yaqin kishi esa kasalxonaga yotqizilgan.

Qariyb 15 ming oila o‘zi tashabbus ko‘rsatib, O‘zbekistonning va sobiq ittifoqning boshqa shaharlariga ko‘chib o‘tishga rozi bo‘lishgan.

Ana shunday qiyinchilik kunida odamlar bir-biriga yelkadosh bo‘ldi. Hech kim birovning mulkini tunamadi, birovga ozor yetkazmadi. Ko‘chalar, mahallalar, binolar, xiyobonlar, xullas, bir so‘z bilan aytganda butun bir Toshkent odamlarning mehnati, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashi oqibatida qayta bunyod bo‘ldi.

Bugun ...

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi