Jahon | 23:07 / 29.04.2016
7531
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada G‘alaba paradining birinchi repetitsiyasi o‘tkazildi

28 apreldan 29 aprelga o‘tar kechasi Moskvada 9 mayda o‘tkaziladigan G‘alaba paradining birinchi repetitsiyasi o‘tkazildi. Texnika Tverskoy ko‘chasidan o‘tgandan keyin, ijtimoiy tarmoqlarda voqea guvohlari tomonidan olingan yuzlab suratlar chop etildi.  

Moskva ko‘chalaridan bir necha soat ichida T-34-85, T-90 va T-14 "Armata" tanklari, "Kurganets" piyoda harbiy mashinalari, "Msta-S" o‘ziyurar gaubitsalari, "Buk-M2" zenit-raketa majmualari va boshqa harbiy texnika o‘tdi. 

Jurnalistlarga shu kuni G‘alaba bayrog‘i olib chiqilishi, parad raschyotlari tomonidan Rossiya mudofaa vazirining qarshilanishi, piyoda parad raschyotlarining tantanali marshi va harbiy texnika o‘tishi namoyish qilindi.  

Tayyorgarchilik tufayli metro ishida vaqtinchalik cheklovlar kiritildi, yer usti transporti harakati to‘sildi. Yana ikkita tayyorgarchilik 5 mayda o‘tadi, bosh repetitsiya esa 7 mayga belgilangan. 

G‘alaba kuni paradda 128 ta harbiy texnika birligi va 10 mingga yaqin harbiy ishtirok etadi. Parad o‘tadigan maydon uzra bu yili G‘alabaning 71 yilligi nishonlanishi munosabati bilan umumiy hisobda 71 ta samolyot va vertolyot uchib o‘tadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish