Light | 18:52 / 02.05.2016
18309
14 daqiqa o‘qiladi

Masofaviy ish haqida 7 ta yuridik savol

AKTning keng rivojlanishi jumladan mehnat munosabatlari sohasidagi odamlar uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlarni ochdi. Bugun nafaqat kompaniya ofisi, balki mintaqa, hatto respublika tashqarisida turib ham ishlashga hech nima xalaqit bermaydi. Bizning sharhimizda – masofaviy rejimdagi mehnat munosabatlarida nazarimizda eng muhim bo‘lgan nozik jihatlar va bu mavzu bo‘yicha amaliy tavsiyalar. 
Bozor iqtisodiyoti taraqqiyotini inobatga olgan holda ijtimoiy hayotning turli sohalariga AKTni joriy qilishning zamonaviy tendensiyalari mehnat sohasini ham chetlab o‘tmaydi: bosqichma-bosqich izlanuvchilar va bo‘lg‘usi ish beruvchilarni ajratib turuvchi cheragalar shartlilar jumlasiga o‘tmoqda. Umuman masofaviy rejimda ishlash, aniq afzalliklardan tashqari, bunday munosabatlarning yetarlicha normativ tartibga solinmaganligi bilan bog‘liq muayyan qiyinchiliklar va savollarni yuzaga keltiradi. 
Demak, xodimni masofaviy ish shartlarida rasmiylashtirishda ish beruvchida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan bir nechta savollar.

Bunday ish qonunchilikni buzish hisoblanmaydimi? 
Haqiqatan, amaldagi qonuniy maqbul keladigan ish tushunchasi unga qo‘yiladigan talablardan biri sifatida transportda qatnash jihatdan qulaylikni ko‘zda tutadi. Mehnat kodeksining (MK) 63-moddasiga asosan ish doimiy yashash joyidan ancha uzoq bo‘lsa va transportda qatnash jihatdan qulay bo‘lmasa maqbul keladigan ish deb hisoblanishi mumkin emas. 
Bundan tashqari, yaqinda vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilish uchun javobgarlik kiritildi (Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2232-moddasi1). 
Eslatib o‘tamiz, doimiy propiskaga ega bo‘lmagan, biroq Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida besh kundan ortiq turgan shaxslar ichki ishlar organlarida hisobga olinadi2, pasport tizimini buzuvchilarga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksnig 223-moddasi bilan jarima ko‘zda tutilgan. Fuqarolarning bu toifasi uchun uzoqda turib ishlash – ishga joylashtirishning yaxshi varianti hisoblanadi hamda o‘z majburiyatlarini masofaviy bajarish to‘g‘risidagi shartnoma boshqa joylardan kelganlarni hisobga olish rejimini buzish hisoblanmaydi.   
Modomiki amaldagi mehnat to‘g‘risidagi normativ hujjatlar masofaviy ish rejimida ishlashga bevosita taqiqni saqlamas ekan, tegishincha, bunday ish ham qonunni buzish hisoblanmaydi.  

Har qanday uzoqda turib ishlaydigan xodim kasanachi hisoblanmaydimi?
Masofaviy xodimlardan farqli o‘laroq qonunchilikda kasanachilar mehnatining huquqiy rejimi xususiyatlari aks etgan. 
Kasanachilar – bu tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq kasanachining yashash joyi bo‘yicha yoki unga yoki uning oila a'zolariga tegishli bo‘lgan boshqa binolarda ish beruvchining buyurtmalari bo‘yicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatishni amalga oshirayotgan shaxslardir3. Kasanachilikni tashkil qilish, inchunun, texnologik jarayon uy sharoitlarida butlovchi buyumlarning ayrim turlarini, yarim tayyor mahsulotlar, mahsulotlar va ishlarni ishlab chiqarish imkonini beradigan sanoat tarmoqlarida kooperatsiya shaklini namoyon qiladi. 
Umuman kasanachilikka doir masalalarni tartibga soladigan NHH eskirgan hamda zamonaviy so‘rovlarga to‘liq hajmda  javob bermaydi. Kasanachilikni aniqlash asosiga qo‘yilgan mezonlar (ishlab chiqarish faoliyati, ish joyiga mulk huquqining mavjudligi) xodimlarning mazkur toifasiga kiritish mumkin bo‘lgan shaxslar doirasini jiddiy toraytiradi. 
Shunday ekan, shubhasiz, ish beruvchi joylashgan joyi yoki uning tarkibiy bo‘linmasidan tashqarida ishlaydigan har kim ham  amaldagi huquqiy normalar tufayli kasanachi hisoblanavermaydi. 
Hozir shunday vaziyat yuzaga kelmoqdaki, unga ko‘ra masofaviy xodimlarning alohida toifasi vujudga kelmoqda, huquqiy tartibga solish esa mavjud emas. Bundan qonunchilikni takomillashtirish va mazkur kamchilikni to‘ldirish zarurati to‘g‘risida xulosa chiqarish mumkin.    

Har kim ham uzoqda turib ishlash rejimida ishlashi mumkinmi?
Aytish joizki, bunday ish shakli byudjyet sohasi tashkilotlariga to‘g‘ri kelishi amri mahol. Ular amaldagi mehnatga haq to‘lashning Yagona tarif setkasiga, xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari Klassifikatori5 asosida tasdiqlangan shtat jadvaliga tayanadigan kadrlar siyosati bilan chegaralangan. Byudjyet tashkilotlarida xodimlarga ish haqi hisoblab yozish uchun majburiy tartibda ish vaqtining tabel hisobi yuritiladi. Keltirilgan normativlardan chetga chiqish byudjyet intizomini buzishga, oqibatda, ko‘zda tutilgan tashkilot mansabdor shaxsining belgilangan javobgarligiga olib kelishi mumkin. 
Xususiy tashkilotlar ham masofaviy ish to‘g‘risidagi shartnomani har bir mutaxassis bilan tuza olmaydi – talay kasblar baribir odamning bevosita ish joyida bo‘lishini ko‘zda tutadi. Shuning uchun mazkur masalada bunday rejimda bajarilayotgan majburiyatlar natijasini jiddiy yomonlashtirmasdan xodim bilan o‘zaro munosabatlarning real imkoniyatlaridan kelib chiqish zarur. 

Masofaviy xodimga hujjatlar qanday tartibda rasmiylashtiriladi?
Masofaviy rejimda o‘z mehnat majburiyatlarini bajarayotgan xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi asosiy kommunikatsiya shakli bo‘lib elektron yozishmalar hisoblanadi. Elektron yozishmalarning yuridik kuchi to‘g‘risida shu yerda batafsil ma'lumot berilgan. 
Elektron hujjatlar tuzish bilan ishga qabul qilishni rasmiylashtirish amaldagi mehnat qonunchiligiga zid emas. Mehnat shartnomasi va uning asosida chiqarilgan ishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq xodim tomonidan ko‘rsatilgan elektron pochtaga yuborilishi mumkin.  Bunday hujjat shakli “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”6 Qonunga binoan qog‘oz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega bo‘ladi, basharti u barcha zarur rekvizitlarni (ERI7, nomi, jo‘natuvchining pochta va elektron manzili, hujjatni yaratish sanasi) saqlasa. Ko‘rsatilgan hujjatlarning ekvivalentlari ham qog‘ozda rasmiylashtirilishi, tegishli tarzda ish beruvchi tomonidan tasdiqlanishi va xodimga pochta orqali yuborilishi mumkin. 
Boshqa kadrlar bo‘yicha tartibotlar: mehnat ta'tili taqdim qilish, mehnat shartnomasini o‘zgartirish yoki bekor qilish va boshqalar ham shunga o‘xshash tarzda rasmiylashtiriladi. 
MKning 80-moddasida ishga qabul qilishda  ish beruvchiga taqdim qilinadigan hujjatlarning tugal ro‘yxati keltiriladi. Bu: 

  • pasport yoki uning o‘rnini bosadigan boshqa hujjat, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar esa, - tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va turar joyidan ma'lumotnoma; 
  • mehnat daftarchasi, birinchi marotaba ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno. O‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasi o‘rniga asosiy ish joyidan olgan ma'lumotnoma;
  • harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar tegishincha harbiy biletni yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani;
  • qonun hujjatlariga muvofiq maxsus ma'lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega shaxslargina bajarishi mumkin bo‘lgan ishlarga kirayotganda oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplom yoxud mazkur ishni bajarish huquqini beradigan guvohnoma yoki boshqa tegishli hujjat. 

Bunda barcha hujjatlar, bundan mehnat daftarchasi mustasno, ish beruvchiga elektron shaklda raqamli nusxalar ko‘rinishida taqdim qilinishi mumkin. 
Masofaviy xodimning mehnat daftarchasini ikki variantda to‘ldirish mumkin. 
Birinchisi.  Agar qabul qilinayotgan xodim birinchi marta ishga joylashtirilayotgan bo‘lsa, ish beruvchi mustaqil ravishda unga  mehnat daftarchasi ochishi va unga tegishli qaydlar kiritishi kerak, mehnat shartnomasi bekor qilinganda esa uni pochta orqali xodimga jo‘natishi kerak.

Ikkinchisi. Xodimda mehnat daftarchasi bo‘lgan taqdirda ishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi belgini qo‘ydirish uchun uni ish beruvchiga topshirish yoki pochta orqali yoxud kurerlik yetkazib berish yo uni shaxsan yoki notarial tasdiqlangan ishonchnomaga ega vakili orqali  taqdim qilishga to‘g‘ri keladi. 

Albatta, mazkur holatda rasmiylashtirilayotgan hujjatlar o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Mehnat shartnomasi xodim masofaviy rejimda mehnat qilayotganligiga ko‘rsatmani saqlashi darkor. Mazkur formulirovka mehnat shartnomasiga to‘liq muvofiq ravishda masofaviy xodimni ishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatiladi.  Shuningdek ish beruvchi tashkilotning ichki mehnat tartiboti qoidalari va lokal hujjatlari masofaviy ish to‘g‘risida tuzilgan mehnat shartnomasi mohiyatiga zid kelmaydigan qismida xodimga tatbiq etilishini hisobga olish zarur. 
Bundan tashqari, xodim tomonidan ma'lum dasturiy ta'minot, uzatiladigan ma'lumotlarning kriptografik himoya vositalaridan va h.k. foydalanish masalalari alohida shartlashib olinishi kerak. 
 

Masofaviy xodimning ish vaqti hisobi qanday yuritiladi?
Xodim fizik jihatdan ish beruvchi hududidan tashqarida joylashganligini inobatga olib, unga aniq ish rejimini (olaylik, har kuni 9.00 dan 18.00 gacha ikki dam olish kuni bilan besh kunlik ish haftasi) faqat u tomondan bajarilayotgan faoliyat tusi buni talab qilsa va ish beruvchining haqiqatda xodim tomonidan o‘rnatilgan ish rejimiga rioya qilinishini nazorat qilishi imkoniyati bo‘lgan taqdirda o‘rnatiladi. Bu masofaviy ish to‘g‘risida mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. 
Boshqa hollarda xodim o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida va sifatli bajargan holda ish va dam olish vaqtini o‘z ixtiyoriga ko‘ra taqsimlashga haqli. Bunday xodimga tabel (agar tashkilotda ish vaqtining tabel hisobi ko‘zda tutilgan bo‘lsa) tashkilotda joriy qilingan tartibga muvofiq: mehnat qonunchiligida belgilangan uning me'yoriy davomiyligi to‘g‘risidagi talablarga muvofiq ish vaqtining oddiy yoki jamlab hisobga olish ko‘rinishida to‘ldiriladi. 

Masofaviy xodimlarga to‘lovlar qanday amalga oshiriladi?
Har bir xodimga, shu jumladan masofaviy xodimga u tomondan amalga oshirilayotgan faoliyatga bog‘liq muayyan to‘lovlar: ish haqi, kafolat va kompensatsiya hisoblab yozish, ish vaqtidan tashqari ishlaganlik (ish vaqti rejimiga bog‘liq holda) uchun to‘lanadi. 
Mazkur masalada maqbul variant – xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha pullarni xizmat ko‘rsatuvchi bankda ish haqi loyihalari doirasida bank xizmati ko‘rsatish shartnomasi asosida ochilgan xodimning bank plastik kartasiga o‘tkazish hisoblanadi. Bu holatda faqat xodimning yozma roziligini olib, tegishli kelishuvga kelish talab qilinadi. Shuningdek xodimda mavjud faol plastik kartaning tranzit hisobvarag‘i raqamini so‘rab olish mumkin. 

Shunday mutaxassisni fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma bo‘yicha rasmiylashtirish oson emasmi?
Albatta, amaldagi qonunchilik doirasida taraflarning majburiyatlarini haq evaziga xizmat ko‘rsatish yoki pudrat shartnomasi bilan rasmiylashtirish mumkin. Biroq munosabatlarni mehnat qonunchiligiga muvofiq rasmiylashtirish mehnat shartnomasi taraflarida muayyan hukuqiy maqom mavjudligini ko‘zda tutadi, bu xodim uchun, xususan, qonun bilan ko‘zda tutilgan kafolatlar va imtiyozlarda ifodalanadi, ulardan har kim ham voz kechishga shoshilmaydi.    O‘rni kelganda shuni ham aytib o‘tish kerakki, fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomada yillik asosiy yoki qo‘shimcha mehnat ta'tili huquqi ko‘zda tutilishi mumkin emas, eng muhimi, agar shartnoma bo‘yicha to‘lanayotgan summalardan ijtimoiy sug‘urtaga majburiy ajratmalar amalga oshirilmasa, fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma bo‘yicha ish davri pensiyaga huquq beradigan mehnat stajini aniqlashda hisobga olinmaydi. 
Boshqacha aytganda, mazkur masalani hal qilishda ijtimoiy paket belgilovchi ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomani tuzish har qanday masalaga yechim emas hamda zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, bajarilgan ish uchun gonorar to‘lash va h.k. masalalarni hal qilishni ko‘zda tutadi. 
***
Umuman olganda masofaviy ish mavzusi yetarlicha keng va talay masalalarni ko‘taradi. Biroq biz uzoqda turib ishlash rejimida ish beruvchilar va xodimlar o‘zaro munosabatlarining boshlang‘ich bosqichida eng dolzarb jihatlarni yoritishga harakat qildik.   

Oleg ZAMANOV, ekspert.

Manba: norma.uz

Mavzuga oid