Jahon | 18:08 / 03.05.2016
13625
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya parlamentidagi munozaralar ur-to‘polon bilan yakunlandi

Turkiya Respublikasi parlamentining ayrim a'zolarini deputatlik daxlsizligidan mahrum etish bo‘yicha muhokamasi ommaviy ur-surlar bilan yakunlandi.

Hukmron partiya va kurdparast Xalqlar demokratiyasi partiyasi a'zosi o‘rtasidagi so‘z talashuvida asablari taranglashgan deputatlar o‘zaro munosabatlariga musht vositasida oydinlik kiritib olishga qaror qilishgan. Bu jangga yana 3 nafar parlamentariy aralashib, majlislar zalida suv idishlari otila boshlangach, parlament yig‘ilishini yarim soatga to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan. 


Aytish joizki, ayni masala avvalgi muhokamalarda ham shu kabi jiddiy tortishuvlarga sabab bo‘lgan edi. O‘tgan safar komissiya raisining deputatlar yordamchilari va matbuot xodimlarini majlis zalidan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi ur-surlarga olib kelgan edi. 

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an parlamentga murojaat etib, mamlakatda faoliyati taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi va u bilan bog‘liq Suriya kurdlari tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlovchi deputatlarni daxlsizlikdan mahrum etishga chaqirgan edi. Shundan so‘ng, Turkiya adliya vazirligi parlament muhokamasiga 8 nafar deputatni, jumladan, XDP hamraisi Salohiddin Demirtoshni daxlsizlikdan mahrum etish bo‘yicha murojaatni kiritgan edi.