Jahon | 15:59 / 12.05.2016
13107
3 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar Braziliya prezidentini vaqtinchalikka lavozimidan chetlatdi

Braziliya parlamentining yuqori palatasi — Senat — mamlakat prezidenti Dilma Russefning impichment qilinishi bo‘yicha ovoz berishni yakunlashdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Impichment taklifining Senatning 81 nafar a'zosidan 55 nafari qo‘llab-quvvatlagan, 22 nafar senator qarshi bo‘lgan. Impichment qabul qilinishi uchun senatning kamida 41 a'zosi ovozi (yarmidan ko‘pi) kerak bo‘lardi. 

Shu soatlarda Russeff kamida yarim yil muddatga lavozimida chetlatilishi kutilmoqda.

Endilikda, davlat rahbari majburiyatlari vaqtinchalik vitse-prezident Mishel Temerga o‘tadi.

Bundan oldinroq, Dilma Russeff mamlakat senatida uning impichment qilinishi bo‘yicha ovoz berilishi yakunlanishini kutib o‘tirmay, prezident saroyidan o‘zining shaxsiy qarorgohiga narsalarini olib chiqib ketishni boshlagani xabar qilingandi.

Braziliya federal oliy sudi sudyasi Teori Zavaski mamlakat prezidenti Dilma Russeffga nisbatan impichment jarayonini to‘xtatish da'vosi bilan murojaat qilgan bosh davlat himoyachisi Joze Eduardu Kardozu appelyatsiyasini rad etgach, Senat davlat rahbarini lavozimidan chetlatishga bag‘ishlangan yig‘ilishini davom ettirdi.

Sud qarori ovoz berish jarayoniga ta'sir ko‘rsatgan: shu vaqtga qadar prezident iste'fosiga munosabatda ikkilanib turgan ayrim senatorlar endi Russeffni chetlatish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan.

17 aprel kuni mamlakat parlamentining quyi palatasi deputatlari prezidentni impichment qilish (lavozimdan chetlatish) uchun ovoz berishgandi. Tashabbus 367 nafar deputat tomonidan ma'qullandi, 137 nafar deputat bunga qarshi bo‘lgandi.

Braziliya parlamenti 17 mart kuni prezident Dilma Russeffga nisbatan impichment masalasini ko‘rib chiquvchi maxsus komissiyani tuzgan, sud esa o‘sha kunning o‘zida Russeffning sobiq davlat rahbari Lulu da Silvani prezident ma'muriyati rahbari etib tayinlash haqidagi qaroriga taqiq qo‘ygan edi.

Impichment jarayoni prezidentning byudjyet taqchilligining real hajmini yashirishda ayblanishi, shuningdek, uning saylovoldi kampaniyasi davrida mansabini suiiste'mol qilib davlat mablag‘laridan foydalangani bilan bog‘liq ravishda kechdi.