Jamiyat | 09:24 / 14.05.2016
21349
2 daqiqa o‘qiladi

It qizcha va uning buvisini shaqildoq ilondan himoya qildi

AQShning Florida shtatida it 7 yoshli qizcha va uning buvisini shaqildoq ilonning chaqishidan asrab qoldi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.  

Qizcha va keksa ayol o‘z uylaridagi hovuz yonida bo‘lganlarida ularning hovlisiga ilon kirib qolgan. Uy egalarining Xaus laqabli nemis ovcharkasi zotidagi iti ilonni payqab qolib, qiz va uning buvisini ilondan himoya qilgan.

Zaharli jonzot itni chaqib olgan. Ovcharka og‘riqdan uvillab, oqsoqlana boshlagan. U zudlik bilan veterinarga olib borilgan.  Klinikada shifokor itning tanasida ilon chaqqan uchta izni aniqlagan. 

Shaqildoq ilon xavfli ilonlardan hisoblanadi, uning zahri odamning o‘lishiga olib kelishi mumkin. Ilonning bunday nomlanishiga uning dumida o‘ziga xos, harakatchan segmentlardan iborat shaqildog‘i borligi sabab bo‘lib, bu shaqildoq bir tomondan ikkinchi tomonga tebranganda, undagi segmentlar bir-biriga tegib, o‘ziga xos tovush chiqaradi.