Jahon | 16:09 / 22.05.2016
11874
3 daqiqa o‘qiladi

Devid Kemeron: Turkiya 3000 yilgacha YeI a'zosi bo‘la olmaydi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeronning hisoblashicha, Turkiya muzokaralarning hozirgi tempi saqlanib qolsa, 3000 yildan oldinroq 28 mamlakatni birlashtirgan Yevropa Ittifoqiga a'zo bo‘lib kira olmaydi

"Yaqin yillarda Turkiyaning YeI hamjamiyatiga a'zo bo‘lib kirishining imkoniyati yo‘q. Ular 1987 yilda ariza bilan murojaat qilishgan. Bu jarayon shu tezlikda davom etsa, agar oxirgi prognozlarga qaraydigan bo‘lsak, ular balki 3000 yilga borib ittifoqqa qo‘shilishlari mumkin", deya Kemerondan iqtibos keltiradi Sky News.

Bu orqali Kemeron mamlakat mudofaa vaziri Penni Mordontning bayonotini inkor qildi. U rasmiy Anqara Turkiyaning Yevropa oilasida yaqin 8 yil ichida paydo bo‘lishi haqida aytgandi. Mordont Buyuk Britaniya Turkiyaning Yevroittifoqqa qo‘shilishiga qarshilik qila olmasligini aytib, bo‘lajak referendumda britaniyaliklarni Yevroittifoqdan ajralib chiqish uchun ovoz berishga chaqirgan edi.

Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishiga qaratilgan targ‘ibot kampaniyasi vakili Maykl Gouv Turkiyaning Yevroittifoqqa ehtimoliy qo‘shilishini Buyuk Britaniya uchun tahdid deb atagan, tahdidga asos sifatida Turkiyada tug‘ilish va jinoyatchilik darajasi yuqori ekanligini ko‘rsatgan.

Birlashgan Qirollikda 23 iyun kuni mamlakatning YeIdan chiqishi masalasida umumxalq referendumi bo‘lib o‘tadi. Devid Kemeron mamlakatning ittifoq tarkibida qolishi uchun ovoz berish tarafdori hisoblanadi. Shu yilning fevralida u hamjamiyatning boshqa a'zolari rahbarlari bilan Buyuk Britaniyaning alohida maqomi borasida kelishib olgandi.

Turkiya NATO a'zosi hisoblanadi va 1996 yildan beri Yevropa Ittifoqi bilan bojxona ittifoqi tarkibiga kiradi. Yevropa Ittifoqiga kirish uchun 1987 yili ariza bergan bu mamlakat, 1999 yilda nomzod maqomini olgan.

2016 yili Yevropa Ittifoqi va Turkiya ko‘rsatilgan moddiy yordam evaziga Gretsiya hududiga Turkiya orqali kirib kelgan noqonuniy muhojirlarni ortga qaytarish borasida kelishib olgan edi. Buning evaziga Yevroittifoq Turkiya fuqarolari uchun viza tartibini yengillashtirish va mamlakatning Ittifoqqa qo‘shilishi jarayonini tezlashtirishga va'da bergan.

Mart oyi boshida Turkiyaning YeIga qabul qilinishi bo‘yicha jarayonni tezlashtirish va turkiyaliklarning Yevropa hududida erkin harakatlanishini ta'minlash bo‘yicha viza rejimini yengillashtirish bo‘yicha harakatlar boshlangandi. Tomonlar iyun oyigacha bu masalani hal qilib olishi belgilangan. Kelishuvga ko‘ra, Turkiya YeIning 72ta talabini bajarishi kerak.