Jamiyat | 15:00 / 25.05.2016
11524
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Navoiy kutubxonasida “Janob” jurnalining ilk soni muhokama qilindi

Kuni kecha Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Janob” jurnalining ilk soni chiqishi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.  

Unda tahririyat xodimlari, “Planet press” MChJ direktori Nodir Majidov, “Sabo” gazetasi bosh muharriri Ma'pura Nabiyeva hamda kollej talabalari,  kitobxonlar va kutubxona xodimlari ishtirok etib, yangi jurnal haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishgan. Jumladan, kollej talabasi Abror Hamroqulov jurnalda qiziqarli sahifalarning ko‘pligini, ammo uning o‘qimishliligini yanada oshirish uchun erkaklar salomatligi va sportga oid maqolalar berilishi lozimligini ta'kidlab o‘tgan. 

Kutubxona xodimasi Shahnoza Ergashova yosh yigitlarning muomala madaniyati, kattalarga bo‘lgan hurmat-izzati va ko‘cha-ko‘yda o‘zlarini qanday tutishlari kerakligi haqidagi maqolalar ko‘proq berilishi tarafdori bo‘lgan. 

Kitobxonlar esa erkaklarga oid jurnal ochilganligi ayni muddao bo‘lganligini, shu bois bu nashr sahifalarida erkaklarning oila va jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlovchi maqolalar, erkaklar oshpazligi va tadbirkorligi haqida qiziqarli ma'lumotlar chop etilishi haqida o‘rinli fikr-mulohazalar bildirib o‘tgan. 
Kutubxona xodimalari jurnalda “Qaynota” sahifasini tashkil etish taklifini bildirib o‘tgan. 

Bundan tashqari, jurnalning elektron saytini tashkil etish haqida ham fikr-mulohazalar bildirib o‘tilgan. 

Tadbir so‘nggida tahririyat xodimlari ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berishgan.