Fan-texnika | 00:32 / 25.05.2016
6629
2 daqiqa o‘qiladi

Safarlar uchun ixcham mikroto‘lqinli pech taqdim etildi 

Gaz plitasi va mikroto‘lqinli pechdan uzoqda taom tayyorlash oson vazifa emas. Wayv kompaniyasining termos shaklida tayyorlangan Adventurer ixcham mikroto‘lqinli pechi aynan shunday vaziyatlarda yordamga keladi. Qurilma o‘ziga 0.5 kilogrammgacha bo‘lgan oziq-ovqat yoki suyuqlikni sig‘dira oladi. Uning o‘lchamlari 305x128 mm, og‘irligi esa 1.2 kilogrammni tashkil etadi. Odatiy mikroto‘lqinli pechlarda ishlatiladigan vakuumli naychalardan farqli o‘laroq, Adventurer uyali aloqa minoralarida radioto‘lqin kuchaytirgichlari uchun tayyorlangan 250 Vt kuchlanishni beruvchi diffuziya yuzasiga ega bo‘lgan metall-oksidli yarim o‘tkazgichlar (LDMOS) texnologiyasidan foydalanadi. 

Mazkur usul nafaqat qurilmani yengil va ixcham qilib ishlab chiqarish, balki taomlarni aylantirish mexanizmisiz to‘liq isitish imkoniyatini berdi.

Adventurer ko‘chma va tez quvvat oladigan litiy-ionli akkumulyatorlar yordamida ishlaydi. Bu akkumulyatorlarni avtomobil rozetkalari, quyoshdan quvvat olish qurilmalari yoki uy elektrotarmoqlari orqali quvvat olishi mumkin. To‘liq quvvatlangan batareya bilan qurilmadan 30 daqiqa foydalanish mumkin va bu esa 6 marta isitish sikliga to‘g‘ri keladi.  Boshqarish elementlari mikroto‘lqinli pechning ustki qismida joylashtirilgan va «start», «stop», «yoritib turish» va vaqtni sozlash klavishlaridan iborat raqamli displeyni o‘z ichiga oladi.

Afsuski qurilmaning sotuvga chiqarish sanasi e'lon qilinmagan, ammo uning narxi 199 dollar bo‘lishi taxmin qilinmoqda.