Light | 17:51 / 30.05.2016
13474
3 daqiqa o‘qiladi

Mustaqil sayyohlar uchun dunyoning eng yaxshi shaharlari tanlandi

Mehmonxona va aviachiptalarni bronlash servisi Orbitz mustaqil sayyohlar uchun jahonning eng qulay shaharlar ro‘yxatini tuzib chiqdi. 12ta aholi punktidan iborat reytingni Dublin boshqarmoqda, deb yozgan eTurboNews portali.

Irlandiyaliklar o‘zlarining do‘stona muomalasi, Dublin esa pablari bilan mashhurdir. Shu boisdan ham, bu yerga kelgan sayyoh zerikmaydi va qiynalmasdan o‘ziga do‘st topib oladi. 

Ikkinchi o‘rinda, Bangkok joylashgan. Tayland shahri Xaosan (Khao San Road) ko‘chasi bilan sayyohlarning e'tiborini qozongan. Bu yerda, ko‘plab kitob do‘konlari, tatu-salonlari va boshqa turli mollar sotiladigan savdo peshtaxtalari mavjud. 

Yuqori uchlikni Yangi Zelandiyaning Kuinstaun  (Queenstown) kurorti yakunlagan. U mamlakatning sarguzashtlar poytaxti hisoblanadi. Shaharda, banji sakrash, kayak (usti berk teri qayiq)larda suzish, piyoda sayyohlik va boshqa faoliyatlar uchun barcha sharoit yaratilgan. 

To‘rtinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan Nyu-York shahrida ham mustaqil sayyohlar zerikib qolmasligi aniq. Bu yerda, jahon toifasidagi muzeylar (masalan, Metropoliten-muzey), teatrlar («Brodvey») va Tayms-skver kabi e'tiborga molik joylar ko‘p. 

Indoneziyaning Bali orolidagi uncha katta bo‘lmagan Ubud (Ubud) shahri reytingda beshinchi o‘ringa joylangan. U, yoga, meditatsiya va spa-jarayonlar bilan qiziquvchi turistlarni jalb qiladi. 

Mart-aprel oylarida o‘tkaziladigan Bali Spirit an'anaviy festivali yoga, raqs va musiqaga bag‘ishlangandir. 

Reytingning o‘nligiga, shuningdek, muzeylari va tabiati bilan dong taratgan Islandiya poytaxti Reykyavik (oltinchi), Parij, Honkong, o‘zining qahva madaniyati va ispan maktablari bilan mashhur muzey-shahar Antigua-Gvatemala, hamda Avstriyaning Vena shahri kirgan.

11 o‘ringa Kanadaning Vankuver shahri joylashtirildi. Reytingni, Kosta-Rika ma'muriy markazi San-Xose yakunlaydi. Bu shahar sarguzashtlarni qidirib yuruvchi sayyohlar uchun qulay joy desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Vulqonlar yonida yoki tropik o‘rmonlar yoxud daryo irmoqlari bo‘ylab sayr qilish bilan mustaqil sayyohlar u yerda zerikish nimaligini bilmaydi, deb qayd etadi portal.