O‘zbekiston | 11:14 / 03.06.2016
11373
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston pillakorlari davlatga pilla sotish rejasini bajardi

O‘zbekiston pillakorlari 26,2 ming tonnadan ziyod pilla tayyorlab, yillik shartnoma majburiyatini bajardi. Bu haqda UzA xabar tarqatdi.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma'lum qilishlaricha, joriy yilda o‘zbekistonlik pillakorlar “Ipakchi-1”, “Ipakchi-2”, “O‘zbekiston-5”, “O‘zbekiston-6” kabi serhosil, iqlim sharoitiga mos, kasalliklarga chidamli mahalliy navlardan ipak qurti parvarishlab, har qutidan o‘rtacha 58,2 kilogrammdan hosil oldi. 

Shu bilan birga, fermerlarni moddiy rag‘batlantirishga alohida e'tibor qaratilgani samaradorlikning muhim omili bo‘ldi. Xususan, pillaning xarid narxi o‘rtacha 11 foiz oshirilib, hosil qiymatining 43 foizi miqdoridagi mablag‘ mavsum boshidanoq bo‘nak sifatida berildi. 

"Bir tonna pilladan 350 kilogramm ipak, 20 ming metr adras, 13 ming metr atlas va boshqa mahsulotlar olish mumkin", deydi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining pillachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Qahhor Yovqochdiyev.